O‘zbekiston-BAA: turizmda samarali hamkorlik
Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qilish doirasida O‘zbekiston Respublikasining BAAdagi elchixonasi tomonidan 10 ming nafar xorijiy sayyohlarni jalb etish parametrlari belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida shu kunlarda Buxoro viloyati Madaniyat va turizm boshqarmasi vakillari yurtimizga sayyohlarni jalb qilish hamda turizm yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turibdi.
Buxoro delegatsiyasi bir qator uchrashuvlarni amalga oshirmoqda. Xususan, delegatsiya a’zolari BAAning “AIR ARABIA” aviakompaniyasi bosh menejeri Gamal Abdulnosir bilan uchrashdi. O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Buxoroga Abu Dabidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Ma’lumki “AIR ARABIA” aviakompaniyasi Abu-Dabidan Toshkentga muntazam reyslarni amalga oshiradi. Uchrashuv davomida ushbu aviareysni Buxoro yo‘nalishiga bog‘lash, ya’ni Toshkentga qo‘ngan sayyoh o‘z turpaketi bo‘yicha sayohatini Buxoroda tugatishi va qaytib Toshkentga borishi ham vaqt, ham ortiqcha xarajat talab qilishi ta’kidlab o‘tildi.

Bu Buxorodan Abu-Dabiga qo‘yiladigan reys aynan mana shu muammoni bartaraf qilishi, shu bilan birga, aholisi musulmon bo‘lgan BAA davlatlari asosan Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlariga qiziqishlari yuqori bo‘lgani uchun o‘z sayohatlarini Buxorodan boshlab Toshkentda tugatishlari mumkinligi. Bu esa, Abu Dabi – Buxoro – Abu Dabi reysining yo‘lga qo‘yilishi naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Buxoroning turistik salohiyati aks etgan videoroliklar va prezentatsiyalar taqdim qilindi. BAA tomoni ham bunga katta qiziqish bilan Buxoroga reyslarni amalga oshirish istagini bildirdi.

Mazkur loyiha “AIR ARABIA” aviakompaniyasi, O‘zbekiston transport vazirligi, Uzairports, O‘zbekistonning BAA dagi elchixonasi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, “AIR ARABIA” 5 asosiy markazdan ishlaydi. Bular, BAAning Sharja, Ras al-Xayma va Abu Dabi aeroportlari, Marokashning Kasablanka shahridagi “Muhammad V” aeroporti, Misrning Iskandariya shahridagi Borg Al Arab xalqaro aeroportlaridir. Ushbu aeroportlar xalqaro aviakompaniyalar va arzon aviakompaniyalarni dunyo bilan bog‘lash bo‘yicha uzoq yillik sifatli faoliyatga ega bo‘lib, kompaniyada 52 ta Airbus A320 va 6 ta A321 Neo LR samolyotlari mavjud.
Uchrashuvlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA