O‘zbekiston ayollariga yuksak e’tibor
Olamda eng go‘zal narsa nima? Albatta, bu savolga har kim o‘z hayotiy kuzatishlaridan, o‘z tajribalaridan kelib chiqib turlicha javob beradi. Men bu savolga ayol qalbi deb javob bergan bo‘lardim. Chunki ayol yuragida tinchlik orzusi yashaydi. Ayol qalbi farzandlar kamoli, yurt osoyishtaligi, oilalar bag‘ri butunligi bilan bog‘liq eng go‘zal umidlarga vatan.

Go‘zallik go‘zallikka intiladi, ko‘rkamlik ko‘rkamlikni topadi, deganlariday ayol ko‘nglidagi harorat, yuragidagi g‘ayrat, tafakkuridagi yorug‘lik, mehnat, yaratish, bunyodkorlikka aylanib oilalarni obod qiladi, jamiyatni yuksaltiradi.
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonida mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi hamda bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, gender tengligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi belgilangani ayollarni nihoyatda quvontiradi, ayni damda zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi.
Ayolni ulug‘lash – oilani, Vatanni, hayotni ulug‘lashdir. Bu qisqa va mazmunli iborada ayolning dunyo sahnidagi o‘rni, uning zimmasidagi sharafli burchi va ulug‘ mas’uliyati o‘z ifodasini topgan. Tarixiy manbalar ham millatning kuchi Vatan ozodligi va inson baxt-saodati munis zotlarning barkamolligi bilan belgilanganini ko‘rsatadi.
Ayol – avlodning panohi, shajaraning payvand halqasidir.
Qadimgi Sharq ma’rifat va ma’naviyati rivojida ayollar beqiyos o‘rin egallagan. Fors bosqinchilariga qarshi mardonavor kurashgan To‘maris, arab istilosi davrida Buxoro hukmdori bo‘lgan Podshoh xotin, Ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Ulug‘bekdek buyuk zotlarni jahonga bergan tabarruk onalar xalqimiz qalbidan chuqur, tariximiz sahifalaridan munosib o‘rin egallagan.
Bugun hayotimizning qaysi jabhasini olmaylik – ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yoki ishlab chiqarish tarmoqlarida xotin-qizlarning ulushi ortib borayotganining guvohi bo‘lamiz. Ayol – tadbirkor, o‘qituvchi, iqtisodchi, shifokor, huquq-tartibot himoyachisi, siyosat, madaniyat va san’at arbobi.
Ba’zilar ayol kishi jamiyatda ilmi, ijodi, san’ati bilan balandroq nufuzga ega bo‘lsa, oilasi, farzandlariga qarash imkoniyati kam qoladi deb hisoblaydi. Bizningcha, chinakam Ona-Ayol, ayniqsa o‘zbek ayoli farzandlari, oilasi uchun har qanday vaziyatda ham imkon topadi. Chunki, bilimi barkamol ayol farzand tarbiyasida ham, shubhasiz komillikka intiladi.
Ona mehr-muhabbati bilan kamol topgan odamda ayol zotiga ehtirom o‘zgacha bo‘ladi. Shunga ko‘ra, xotin-qizlarning rahbar lavozimlardagi ulushi 35 foizga yetdi, birgina 2022-2023 yillarda 398 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 100 ming nafari imtiyozli asoslarda oliygohlarga qabul qilindi, 170 ming nafariga tahsil olayotgan oliygohlarining shartnoma to‘lovlari uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi, 14 ming nafari magistraturada bepul o‘qitilmoqda, 198 ming nafari kasbga o‘qitildi.
Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida joriy yilning o‘tgan davrida 225 mingdan ziyod loyihalarga 4,4 trillion so‘mga yaqin kredit, 40 mingga yaqin xotin-qizlarga jami 179,1 milliard so‘m subsidiya ajratildi. 2020 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan “Ayollar daftari” tizimi orqali qariyb 2,5 milliondan ortiq xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berish uchun 5,1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. 11 mingdan ortiq zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga tibbiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatilib, ular reabilitatsiya markazlarida ijtimoiy hayotga moslashtirildi.
Yutuqlar o‘zimizniki, biroq oilani mustahkamlash, ayollarimiz og‘irini yengil, hayotda o‘z o‘rinini topib, hurmat-e’tibor, e’zozda yashashlari uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami va bu borada yechilmagan qator muammolar hamon mavjud. Bu borada Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi "Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarori asosida bir qator vazifalar hamkor tashkilotlarga aniq vazifalar, real raqamlarda ko‘rsatib berilganligi amalga oshiriladigan ishlarni aniq natijasini ayollar o‘z hayotida ko‘rib borilishiga erishiladi.
Xususan, 2024-2025 yillarda 1 million 213 ming 820 nafar ayollarga kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonlikka o‘qitish, ishga joylashishga ko‘maklashish, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga ko‘maklashish, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratish kabi chora-tadbirlar aniq raqamlarda amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari, 9 bo‘limdan iborat 70 bandda belgilangan “Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha Yo‘l xaritasi” da ham hamkor tashkilotlarga aniq belgilangan vazifalar va ijro etish mexanizmlarigacha ko‘rsatib berilganligi mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida, Prezidentimizning “Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi” – degan so‘zlari orqali oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarni jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini, ijtimoiy faolligini yanada oshirishda hamkorlikdagi ishlarimizni yanada jadallashtirishga undaydi.
Shahnoza Akramova,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi boshlig‘i o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor, podpolkovnik,
O‘zA