“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Kasbiy ta’lim agentligi hamkorlik o‘rnatdi
Poytaxtimizda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi R.Abdullayev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori A.Husanovning hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda ipakchilikni yanada rivojlantirish, ipak qurtini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish jarayonlarini takomillashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan мулоқот davomida ipakchilik tarmog‘i uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tizimini ishlab chiqarish bilan yanada integratsiya qilish, dual ta’limni rivojlantirish, texnikum bitiruvchilarining bandligini ta’minlash hamda mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tadbirda qayd etilganidek, memorandum doirasida ipakchilik yo‘nalishidagi o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ishlab chiqarish amaliyotlarini samarali tashkil etish, pedagoglar malakasini oshirish, xorijiy tillarni o‘qitish hamda qisqa muddatli kasb kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar qo‘shma seminarlar, forumlar va kasbiy mahorat tanlovlarini tashkil etish, texnikum bitiruvchilarini tarmoq korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
G.Boboyeva,O‘zA