“O‘zbekgidroenergo” AJda yil sarhisobi
Gidroenergetika O‘zbekistonda barqaror energiya manbai sifatida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, bu yo‘nalishda keng qamrovli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizdagi gidroelektrstansiyalar tizimi modernizatsiya qilinib, yangi ob’ektlar qurilishi davom etmoqda va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha zamonaviy chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Bunday sa’y-harakatlar nafaqat energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham qaratilgan.
Shu bilan birga, gidroenergetika sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish va resurslardan oqilona foydalanish ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” AJda 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor shaklida kengaytirilgan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.
Ijro apparati xodimlari, barcha tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etgan tadbirda jamiyat boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov yil davomida erishilgan natijalar, gidroenergetika sohasidagi yutuqlar va kelgusi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, amalga oshirilayotgan gidroenergetika loyihalari nafaqat mamlakatda energiya barqarorligini ta’minlash, balki iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqib, tadbirda joriy yildagi yutuqlar bilan birga, 2025 yildagi asosiy vazifalarga asosiy e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida gidroenergetika sohasida fidokorona mehnat qilayotgan rahbar va xodimlar “Gidroenergetika iftixori” ko‘krak nishoni va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA