O‘zbek ijodkorlarining asarlari qozoq tilida
Qozog‘istonning “Tan-Sholpan” (“Tong yulduzi”) jurnali 2023 yilni “O‘zbek adabiyoti yili” deb belgilagan. Shu munosabat bilan jurnal yil boshidan beri o‘zbek zamonaviy adabiyoti vakillarining asarlaridan namunalarni qozoq tiliga tarjima qilib chop etmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, jurnalning bosmadan chiqqan navbatdagi 4-sonida o‘zbek ijodkorlari – shoiralar Farida Afruz, Zulfiya Mo‘minova, yozuvchilar Shoyim Bo‘tayev, Normurod Norqobilovning hikoyalari qozoq tilida bosilib chiqdi.

“Tan-Sholpan” jurnali adabiy-badiiy nashr bo‘lib, ikki oyda bir marta 10 ming nusxada Almati shahrida bosiladi.
Jurnalning yil boshidan beri chiqqan uchta sonida yozuvchilar Xayriddin Sulton, Xurshid Do‘stmuhammad, Nabi Jaloliddin, Uyg‘un Ro‘ziyev, Risolat Haydarova, Zulfiya Qurolboy qizi, Bahodir Qobulning hikoyalari, shoirlar Eshqobil Shukur, Halima Ahmad, Rustam Musurmon, Muhiddin Omon, Salim Ashur, Shodmonqul Salomning turkum she’rlari qozoq tiliga tarjimada chop etildi.
Shu yilning 7 iyul kuni jurnalning mas’ul kotibi Diydar Kulkenov Toshkentga kelib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari bilan uchrashgan edi.
Uchrashuvda uyushma raisi Sirojiddin Sayyid o‘zbek-qozoq adabiy aloqalari yildan-yilga rivojlanib borayotgani va uchrashuv keyingi ijodiy rejalarni kelishib olish hamda amalga oshirishga katta zamin yaratishini ta’kidlagan.
– Zamonaviy o‘zbek adabiyoti jurnal o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda, – dedi Diydar Kulkenov. – Darhaqiqat, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi asriy adabiy do‘stlik aloqalari davom etib kelyapti. Biz o‘zimizga zamondosh o‘zbek ijodkorlarining asarlaridan namunalarni qozoq tilida o‘quvchilarga hadya etganimiz, shu bilan ustozlarimiz an’anasini davom ettirayotganimizdan xursandmiz.
“Tan-Sholpan” va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2023 yil oxirigacha yana qator o‘zbek ijodkorlarining she’r va hikoyalari qozoq tiliga tarjima qilinib, jurnal sahifalarida chop etiladi.
N.Usmonova,
Ahmad To‘ra (surat),
O‘zA