O‘zbek futboliga nima yetishmayapti?
Mulohaza
Aslida millionlab futbol ishqibozlarining asab torlarini “g‘ijjak” qilgan masala haqida, uning tafsilotlari xususida yana so‘z yuritish “yaraga tuz sepish” bilan barobar. Ammo yuksalish, rivojlanish, bahslarda, fikrlar qarama-qarshiligida ro‘y berishini inobatga olgan holda kimlar uchundir “boshog‘riq”, kimlar uchundir or-nomus, g‘urur maydoni – o‘zbek futboli olamiga bir qo‘r nazar tashlashga, ayrim fikr-mulohazalarni bildirmoqqa jazm etdik.
Poyezd ketib bo‘ldi. Terma jamoamiz jahon chempionatiga saralashning 2-bosqichidan keyingi “bekat”ga o‘ta olmadi. Qatar yo‘llariga nigoron bo‘lgan ko‘zlarimiz “har bahorda shu bo‘lar takror” deganlaridek, endi keyingi manzil – 2026 yili AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida o‘tadigan XXIII jahon chempionatiga umidvorlik bilan termulishdan boshqa choramiz ham yo‘q.
Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi, deyishadi. Ming-minglab futbol fanatlarining “irodasini toblagan” Qatar yo‘lidagi barcha urinishlarimiz, amalga oshirilgan “eksperiment”lar, toat-ibodatlarimiz xuddiki avvalgi mundiallar yo‘lidagi yugur-yuugurlarimiz samara bermagani kabi biz istagan natijani, orzurlarimiz ro‘yobini ta’minlamadi.
Nega shunday bo‘ldi? Davlatimiz tomonidan terma jamoa uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgandi. Kerakli mablag‘, zarur vositalar bilan ta’minlangandi. 2019 yilning 4 dekabrida davlatimiz rahbarining “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilinganda ko‘plab futbol mutaxasssislari qatori aynan 2022 yilgi jahon chempionatining saralash bosqichlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan futbolchiyu trenerlar, mutaxassisu murabbiylar “ushbu farmon bizga dasturilamal bo‘ldi”, deya baralla aytishgandi.
Vaholanki, mazkur hujjatda “O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari futbolchilarining jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkazilganda quyidagi natijalar qayd etilgan: tezkor kuch qobiliyati milliy terma jamoada 47%, olimpiya terma jamoasida 53%; start tezligi darajasi milliy terma jamoada 8%, olimpiya terma jamoasida 17%; masofa tezligi darajasi milliy terma jamoada 61%, olimpiya terma jamoasida 68%; tezlik-chidamkorlik darajasi milliy terma jamoada 65%, olimpiya terma jamoasida 70%” ekanligi, “futbolchilarning jismoniy tayyorgarlik holati past darajada bo‘lganligi va bu xalqaro talablarga javob bermasligi, masalan, maxsus chidamlilik va tiklanish tezligini baholash bo‘yicha «YoYo» testidan milliy va olimpiya terma jamoasining birorta ham futbolchisi o‘ta olmagan”ligi ko‘rsatib o‘tilgandi.
O‘tgan bir yildan ortiq vaqt mobaynida terma jamoa murabbiy va mutaxassislarida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, yetarli ko‘nikmalarga erishish uchun vaqt ham, imkoniyat ham yetarli edi-ku?!
Farmonda va uning konsepsiyasida ta’kidlanganidek, futbolning rivojlanish tendensiyasi har bir mamlakatda yaratilgan infratuzilmaga, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni professional darajada tayyorlashga bog‘liq. Shu ma’noda, futbol tizimida O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan Xorvatiya so‘nggi o‘n yilda shiddatli o‘zgarishlarni amalga oshirib, Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya kabi mamlakatlar bilan millionlar o‘yinining jozibasida, yuksak texnikaga ega bo‘lgan iqtidorlarni tayyorlashda raqobatlashish darajasiga erishdi.
bugungi kunda ushbu yurtning futbol maydonlarida tarbiyalangan mahoratli sportchilar yuqorida nomlari keltirilgan mamlakatlarning futbol klublari safini to‘ldirdi. Bu esa qisqa fursatda Xorvatiya futbolining tubdan rivoj topishiga, iqtidorli sportchilar orqali mamlakat iqtisodiyoti yuksalishiga, qolaversa, futbolchilar va ularning oila a’zolari manfaatdorligi oshishiga olib keldi.
O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, uning taraqqiyotini ta’minlash uchun barcha vositalar mavjud. Iqtidorli, izlanuvchan va mehnatsevar yoshlar zaxirasi, zarur infratuzilma, kerakli jihoz va maydonlar, qo‘yingki, “velosepid”ni harakatlantirish uchun vositalar yetarli. Faqat uning to‘g‘ri va samarali “yurishi”ga turtki beradigan yetakchi-fidoyilarning zahmatli mehnati, jonfidoligi zarur.
Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga yo‘naltirilgan 255 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. Shundan, 209 tasi bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 14 tasi bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi, 15 tasi professional futbol klublari huzuridagi bolalar va o‘smirlar futbol maktabi,17 tasi xususiy futbol maktablaridir. Yurtimizda futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 330 ming nafarga yaqinni tashkil qilsa, professional futbolchilar 2000 nafardan oshiq. Bu aholi soniga nisbatan 0,15 foizga yaqinni tashkil etadi, deganidir. Angliyada 65 million aholidan 11,5 million (20,9%) nafari, Germaniyada 81 million aholidan 16,3 million (20%) nafari, Rossiyada 146 million aholidan 5,8 million (4,1%) nafari futbol bilan muntazam shug‘ullanib kelayotganligini inobatga olsak, futbol bo‘yicha jahon chempionati “osmoniga” chiqa oladigan yuksak mahorat egalarini tayyorlash uchun keng maydon va unda shug‘ullanadigan ming-minglab yoshlar “armiyasi” zarurligi oydinlashadi.
O‘sha Germaniya, Angliya, qo‘yingki, eslaganimiz Xorvatiyada ham yoshlar, o‘smirlar o‘rtasida ko‘plab ommaviy futbol musobaqalari o‘tkaziladi. Xuddi shuningdek, yurtimizda ham bu boradi futbol bahslarining mundarijasi o‘zimizga yarasha. Lekin, ochig‘ini aytganda, bizdagi ommaviy musobaqalar – “Mahallamiz futboli” bo‘ladimi “Vazir kubogi”mi, “Hokim kubogi”mi bir xil “chexralar”ni uchratasiz. Buni tabiiy hol, deb qabul qilamiz ham. Rosti, bu faqat futbolga tegishli og‘riqli holat emas. Boshqa ayrim sport turlarida ham shunday. Ayniqsa, ommaviy sport musobaqalarida bu hol ko‘p takrorlanadi. Musobaqa nomi ommaviy. Biroq ishtirokchilar kamida sport ustaligiga nomzod. Yaqinda yakkakurash sport turlaridan biri bo‘yicha poytaxtimizning tumanlarida mahalla yoshlari, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, uyushmagan yoshlar, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”lariga kiritilganlar o‘rtasida ommaviy sport turniri o‘tkazildi. O‘tkazilgan musobaqalarning ayrimlarini hisobga olmaganda 3-4 ta tuman bahslarida bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya kollejlari tarbiyalanuvchilari, taniqli, hatto mashhur sportchilar–o‘sha-o‘sha “dejurniy”lar qatnashishdi.
2019 yili futbol bo‘yicha mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Mahallada futbol”,“Charm to‘p”, “Futbolimiz kelajagi” turnirlarining ayrim bosqichlarida ishtirok etgan jamoa yoshlari orasida ba’zi hollarda futbol maktablari, olimpiya kollejlari tarbiyalanuvchilari, futbol klublarining futbolchilari qatnashganligi kuzatildi. Vaxolanki, bu turnirlar aynan mahalla yoshlari orasida ommaviy sport musobaqasi tarzida tashkil etilishi, o‘sha mahalla bolalari orasidan iqtidorli yoshlarni saralab olishga qaratilgan edi. Birgina mutasaddining g‘irromligi, “o‘zi bo‘larchiligi” evaziga o‘nlab talantlarning umri “mahalla devori”dan narini ko‘rmasdan o‘tib ketayotganligi bor haqiqat. Zotan, daraxtning tomiriga bolta urilsa, uning tanasi zirqiraydi, bargi to‘kiladi, qurib qoladi. Bugun o‘zbek futboli kelajagi bo‘lgan bolalar futboliga bu tarzda yondashish ham daraxt tomiriga zarba berishdek gap.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmaganligi millionlab yurtdoshlarimizni ranjitganligi bor gap. Aslida, bundan katta fojea yasash ham kerakmasdek, go‘yo. Qatarga bormasak, Beruniy bobomiz kashf qilgan sehrli diyorlarga borarmiz. Bunda ham bir hikmat bordir. Hikmatki, milliy iftixorimiz, jimitdekina bo‘lsa-da vatanparvarligimiz, fidoyiligimiz yetishmayotgandir, balki. Ammo “avval iqtisod, keyin siyosat” davri tamoyiliga mukkadan ketilgan pallada vatanparvarlik kimlar uchundir jimjimador ko‘rinsa-da futbolchilarimiz, umuman, sportchilarimiz uchun o‘sha siyosatninng “olovi” yaxshi gurillayotgan bo‘lsa-yu yana g‘alaba uchun yetishmayotgan “anqo”ni topolmay jonsarakmiz. Bizu otasining molini yutqazgandek g‘am-g‘ussaga botgan fanatlar u yoqla tursin, hattoki milliy futbolimizning faxru iftixori, bilimdoni bo‘lgan Birodar Abduraimov ham Qatar “shlakbaumi”da Saudiya Arabistoni tomonidan to‘xtatilgan yigitlarimizning sardori Odil Ahmedovdan o‘sha hech kim topolmayotgan “anqo”ni so‘radiyu javob ololmadi...
Nima bo‘lganda ham Qatar yo‘lida keyingi shohsupaga ko‘tarilgan Suriya, Xitoy, Avstraliya, Eron, Iroq, Saudiya Arabistoni, Omon, Yaponiya, BAA, Vetnam, Janubiy Koreya, Livan safida bo‘lishga bizdan tashqari Quvayt, Iordaniya, Baxrayn va qo‘shni Tojikiston jamoalariga “bir tepki” yetishmadi. Vaziyatning bunday ko‘rinish olishi omadga ham bog‘liq, albatta.
O‘sha, “anqo”ni topguvchi jahon chempionatining “sehrli tayoqchasi” kimda ekan? Ro‘ziqul Berdiyevdami, Timur Kapadzedami yoki Qizilqumu Qoraqum kengliklaridagi cho‘ponning chaylasidamikan? Balki Ovrupoyu Amriqoda emas, shundoq burnimizning tagidadir....
Izlamoq va izlanmoq maqsadlar va istaklarning, orzularning amaliyotini ta’minlaydi. Zero, hamma narsa hoxishdan boshlanadi. Niyatimiz g‘oliblikmi, so‘zsiz amalga oshadi. Asosiysi, istaklar xolisu halol, umummaqsadlar mushtarak bo‘lsa bas. O‘shanda, “ertakchi chollar”, “qutquchi”laru “qitiqlaguvchi”lar ham mum tishlab qoladi...
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA