“O‘zarxiv” Erkinjon Turdimovni mukofotladi
Arxiv ishi viloyat hududiy boshqarmasi va tuman bo‘limlari faoliyati bilan tanishish, soha mas’ullari va yoshlar bilan uchrashish, sayyor qabul o‘tkazish maqsadida “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov Samarqand viloyatida bo‘ldi.
Dastlab U.Yusupov 254 fondda 48 ming saqlov birligidagi hujjatlar saqlanayotgan Urgut tumani shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi faoliyati bilan tanishib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Tashkilotga murojaat qiluvchi fuqarolarga yaratilgan sharoit, aholi murojaatlari bilan ishlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Shu yerda jismoniy va yuridik shaxslar vakillari uchun sayyor qabul o‘tkazildi. O‘ndan ortiq murojaatlar tinglanib, aksariyati joyida hal etildi, ayrimlariga huquqiy maslahatlar berildi.
“O‘zarxiv” direktori, shuningdek, Toyloq, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi va xodimlari faoliyati, ularga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Samarqand davlat universitetida U.Yusupov viloyat arxiv muassasalari rahbarlari va xodimlar, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda soha faoliyati, tizimdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ma’lumot berilib, tadbir ishtirokchilarining savol va takliflari eshitildi.

“O‘zarxiv” agentligi direktori Samarqandga safari davomida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovga agentlikning “Soha iftixori” ko‘krak nishonini topshirdi.
– Respublikamizda arxiv ishi sohasining rivojlanishida Erkinjon Turdimovning munosib hissasi bor, – dedi U.Yusupov. – Xususan, uning rahbarligida 2013 yil Navoiyda 100 ming saqlov birligiga mo‘ljallangan zamonaviy arxiv binosi, 2018 yilda Surxondaryoda shunday inshoot qurildi. Samarqand viloyatida ham keyingi to‘rt yilda 4 ta yangi arxiv binosi qurildi, 6 tasi ta’mirlandi. Bu nishon ana shu xizmatlarning e’tirofidir.

G‘.HASANOV, O‘zA