O‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
“Navoiyuran” davlat korxonasida Yaponiyaning “Itochu Corporation” korporasiyasi Tokio ofisi menejeri Toshitaka Shibata boshchiligidagi delegasiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda korxona rahbari Jamol Fayzullayev “Itochu Corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik 2006 yildan buyon davom etib kelayotgani, bu o‘zaro ishonch va ikki tomonlama manfaatli do‘stlik ustiga qurilganini ta’kidladi. O‘z navbatida mehmonlar ham uzoq yillik hamkorlik uchun korxona rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.
Mehmonlar muloqot davomida geologiya-qidiruv, hamkorlikda uran ishlab ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, yangi konlarni o‘zlashtirish, korporatsiyaning dunyo bozoridagi xalqaro tajribasidan samarali foydalanish hamda geolog va muhandislari ishtirokida sulfat kislotasi ishlab chiqarishga qaratilgan yangi quvvatlarni yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali uran ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha ham takliflar o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuvda hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma korxona konsepsiyasining ham taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, shu asosda ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri