O‘zAda yangi loyiha. Moziyga qaytib...
“Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir”, degan edi buyuk adibimiz Abdulla Qodiriy. Zero, moziyni bilish, uning qa’ridan saboq olish orqali inson o‘zligini, zamon va makondagi o‘rnini anglaydi, kelajak sari sobit qadam tashlaydi.
E’tiboringizga taqdim etilayotgan yangi, “Moziyga qaytib...” loyihasi tariximiz va buyuk ajdodlarimiz haqidagi ma’lumotlar targ‘ibotiga qaratilgan.
Mazkur loyihada boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini namoyon etuvchi maskanlar – muzeylar, tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolardan fotoreportajlar berib boriladi.
Loyihamizning ilk soni Abdulla Qodiriy uy-muzeyidan tayyorlandi.
[gallery-16702]
Abdulla Qodiriy uy-muzeyi adib tavalludining 125-yilligi munosabati bilan 2019-yilda poytaxtimizning Shayxontohur tumani Samarqand darvoza ko‘chasidagi adib yashab, ijod qilgan xonadonda tashkil etilgan.
Uy-muzey o‘zbek adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan, uning rivoji uchun munosib hissa qo‘shgan buyuk adibning hayot va ijod yo‘li, boy adabiy merosi, bolaligi o‘tgan maskanni bugungi kun kishilarining ko‘z oldida jonlantirish hamda Toshkent tarixi sahifalarini yoritishga xizmat qilishi bilan beqiyos ahamiyatga ega.
Bobomeros bog‘-hovlida adibning nabirasi, adabiyotshunos olim, Xondamir Qodiriy mezbon sifatida istiqomat qiladi.
Uy-muzey hovlisining to‘rida adib haykali o‘rnatilgan. Haykaltarosh Bahrom Norboyev tomonidan ishlangan haykalda adib siymosi bir qo‘lida kitob tutgan, o‘ychan va mulohazaga berilgan tarzda tasvirlangan.
Markazda 1928-yilda Abdulla Qodiriy o‘z qo‘li bilan bunyod etgan ikki qavatli shiyponcha joylashgan. Bu yerda zamonaning allomalari Aleksey Tolstoy, So‘fizoda, Oybek, Komil Yashin, G‘afur G‘ulom, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qahhor, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Hamid Olimjon, Yunus Rajabiy kabi yozuvchi va san’atkorlar tunlarni tongga ulab, gurung qilgan. Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Obid ketmon” asarlarini ushbu yozgi shiyponida, bahavo tabiat bag‘rida ilhomlanib yaratgan.
Hovlidagi har bir daraxt va har bir qarich yerga ishlov berishda Qodiriyning mehnati singan. Ulug‘ adib o‘lmas asarlar yozish bilan bir qatorda yaxshigina sohibkor ham bo‘lgan, bog‘ida yetishtirgan totli mevalardan barchaga ulashgan. Eshik qoqib kelgan har bir kishini xoh u hunarmand, dehqon, mardikor bo‘lsin, xoh ziyoli yoki to‘ra ochiq chehra bilan kutib olgan, dasturxon yozib mehmon qilgan.
Uy-muzey to‘rt xonadan iborat, ikkita eksponatlar zali, bitta konferensiya zali mavjud. Konferensiya zalida turli suhbat, xotira kechalari o‘tkaziladi.
Kirishdagi naqshinkor yog‘och eshik, adib ijodxonasi, uy to‘ridagi sandal, tokchadagi ko‘rpachalar, adibning liboslari, ro‘zg‘orda foydalangan buyumlar, chinni idishlar, barchasi o‘sha davr muhitini eslatadi. Yozuvchi ijodini batafsil o‘rganishga mo‘ljallangan xona hamda eksponatlar zalida adibning hayoti, ijodiga oid buyumlar, ma’naviy jasorati aks ettirilgan kartinalar, uning ilk asarlari nashr etilgan gazeta va jurnallar, dastlabki kitoblari, mashhur romanlari, boshqa tillarga o‘girilgan asarlari mujassam. Mo‘jaz kutubxonada adibning, o‘zbek va jahon ijodkorlarining asarlaridan iborat kitoblar jamlangan.
Hovlidagi ikki g‘ildirakli arava kishi e’tiborini tortadi.
“O‘tgan kunlar” romanida Mirzakarim qutidor, Oftob oyim, Kumushbibi Marg‘ilondan Toshkentga – Yusufbek hojining uyiga 12 kunlik yo‘lni “Qo‘qon arava”da bosib o‘tgani tasvirlangan. Asarda keltirilgan o‘sha mashhur “Qo‘qon arava” Farg‘ona ustalari tomonidan uy-muzey uchun maxsus yasab, sovg‘a qilingan.
XX asr xalqimiz tarixida o‘zlikni anglash, milliy uyg‘onish davri bilan boshlandi. Jadidchilik harakati nomi bilan tarixga kirgan bu jarayon xalqimiz ma’naviy hayotining barcha jabhalarini qamrab oldi, badiiy adabiyotda ham tom ma’noda yangilanish jarayoni kechdi. A.Qodiriy badiiy ijodda tub sifat o‘zgarishlar kechayotgan mana shunday bir davrda adabiyotga kirib keldi. Adibning aksariyat asarlari millatparvarlik ruhida yozilgan bo‘lib, jadidchilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan.
Abdulla Qodiriy jasorati har bir millatdoshimiz uchun faxr va ibrat, beqiyos vatanparvarlik maktabidir. Uy-muzeyda ana shu ruhiyatning aks ettirilgani e’tiborga sazovor.
Xalqiga, Vataniga xizmat qilib, abadiy barhayot siymoga aylangan ajdodlarimiz jasorati, iztirobli kechmishlaridan so‘zlovchi bu kabi uy-muzeylar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Zero, buyuk bobolarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabidir.
Kamola YUSUPOVA,
Davron ERNAZAROV (surat), O‘zA