O‘z mahoratlarini namoyish etishdi
Yangiyer shahrida o‘quvchi qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha shahar bosqichi yuqori saviyada o‘tdi.
Musobaqa “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” doirasida tashkil etildi va yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda iqtidorli sportchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Yangiyer shahar hokimi o‘rinbosari Jasur Egamberdiyev, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov va viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyevalar ishtirok etishib, yosh sportchi qizlarni tabriklashdi va ularga muvaffaqiyat tilashdi.

Bellashuvlarda Yangiyer shahri hududidagi barcha umumta’lim maktablaridan jamoalar ishtirok etdi. Qizlar maydonga chiqishib, o‘z texnik mahorati, tezkorlik va jamoaviy hamjihatliklari bilan tomoshabinlarni hayratga solishdi. Har bir uchrashuv tomoshabinlar tomonidan alohida qiziqish bilan kuzatildi.

Musobaqa so‘ngida g‘olib jamoalar nomi e’lon qilindi. Birinchi o‘rinni 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasiga nasib etdi, uchinchi o‘rin esa 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasiga berildi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Anvar To‘ychiyev (surat) O‘zA