O‘z kelajagim uchun ovoz beraman
18 yoshdaman. Bolalikda inson muhim voqealar sifatida – o‘z tug‘ilgan kuni, sayohatga chiqqani, ota-onasining bag‘rida yayrab o‘ynagani, istirohat bog‘larini biladi. Ammo maktabdan keyingi ta’lim jarayoni mustaqil qadamlar, o‘ziga xos qiyinchiligi bo‘lsada zavqqa to‘la davr ekan. Ahamiyatlisi, muhim voqealar jarayonida ishtirok etish, jamiyatda o‘z o‘rnini topa boshlagan insonning tuyg‘ularini ta’riflashga til ojiz. Men bugun ayni jarayonda ana shunday his-tuyg‘ular bag‘ridaman.
Bugun butun O‘zbekiston xalqi muhim siyosiy jarayon oldida turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur onlarni o‘zgacha hayojon va intiqlik bilan kutdim. Yosh saylovchilar qatorida bu yil birinchi marta o‘z ovozimni berayapman. Albatta, men O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, shu yurtning kichik bir zarrasi, ona Vatanimning kelajak avlodlarini tarbiyalashga mas’ul bo‘ladigan mutaxassis sifatida shunday muhim siyosiy jarayonlarga e’tiborsiz bo‘la olmayman.
Saylovda ishtirok etish Konstitutsiyaviy huquqiy burchim. Shuningdek, jamiyat va davlat ishlarida ishtirok etishim uchun imkoniyat ekanligini aniq anglab turibman. Biz, yoshlar saylovlarda faol ishtirok etib, davlatimiz kelajagiga sadoqat bilan xizmat qiladigan eng munosib nomzodga, Vatanimiz ravnaqi va kelajagi uchun ovoz beramiz.
Bu ishtirok davlat va jamiyat siyosiy hayotidagi ilk qadamimiz bo‘lsada, juda muhim va davlat boshqaruvida ishtirok etishimizning eng asosiy shakllaridan biridir. Siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkazilgan saylovoldi targ‘ibot ishlarini faol kuzatib bordim. Ular tomonidan taklif qilinayotgan saylovoldi dasturlari bilan yaqindan tanishdim. Ӯzim eng munosib deb topgan siyosiy partiya dasturidan kelib chiqib, mazkur partiyadan ko‘rsatilgan nomzodga o‘z ovozimni beraman. Bu men kabi minglab O‘zbekiston yoshlarining burchi va eng muhim vazifasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 3-moddasida mamlakatimizda saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali hamda ochiq va oshkora o‘tkazilishi belgilangan.
Bugun bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi odilona tarzda o‘tishiga katta ishonch bildiraman. Men kelajagim uchun, xalqimizning ertangi taqdiri uchun eng munosib deb topgan nomzodimga ovoz beraman.
Zero, siyosiy jarayondagi faollik kelgusida xalq hayoti, turmush tarzi, orzu-maqsadlarining qanday ko‘rinishda ro‘yobga chiqishini belgilaydi. Shu bois ham ertangi kunimiz xalq tanlovi, xususan, mening ham ovozimga bog‘liq.
Mehrangiz Usmonova,
Qo‘qon universiteti talabasi.
O‘zA