“O‘z kasbining ustasi” musobaqalariga start berildi
Forish tog‘-dala o‘quv maydonida Qurolli Kuchlar miqyosida o‘z kasbining ustasi bo‘lgan harbiy xizmatchilarni aniqlashga qaratilgan harbiy pahlavonlar musobaqasiga start berildi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga xabar berdi.

Bir necha yillardan buyon an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqa harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy ko‘nikmalarini oshirish va ular ichidan eng ilg‘orlarni aniqlashi bilan ahamiyatlidir.

Musobaqalar davomida “Eng ilg‘or harbiy qism komandiri”, “Eng ilg‘or batalon komandiri”, “Eng ilg‘or vzvod komandiri”, “Eng ilg‘or guruh komandiri” va “Eng ilg‘or serjant” nominatsiyalari g‘oliblari aniqlanadi.

Ishtirokchilar olis va yaqin masofalarga vaqt kesimida yugurish, turnikda tortilish, taktik va otish tayyorgarligi, texnik tayyorgarlik, yagona to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish kabi qator mashqlarda o‘zaro bellashadilar.