O‘z huquqimdan muddatidan avval foydalandim
Yana bir necha kundan keyin, aniqrog‘i 27 oktyabr kuni yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Shu kunlarda saylovlarga tayyorgarlik, siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari qizg‘in pallaga kirgan. Andijon viloyatida ham saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Buning uchun tashkil etilgan viloyat hududiy, shuningdek, tuman, shahar saylov komissiyalari, saylov okruglari hamda saylov uchastkalarida belgilangan ishlar amalga oshirildi.
– Saylovlarni milliy qonunchiligimiz asosida o‘tkazish uchun 938 ta saylov uchastkasi tuzildi. Komissiyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirildi. Saylov uchastkalari zarur texnik vositalari, adabiyotlar, me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlandi, saylovchilarning, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning erkin ovoz berishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, uchastkalarda tibbiyot, ona va bola xonalari tashkil etildi.
[gallery-19950]
Saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va a’zoligiga mazkur sohada muayyan tajribaga ega, bilimli, salohiyatli mutaxassislar jalb etildi. Ularning saylov qonunchiligi, saylovlarni o‘tkazish tartiblariga oid bilim, malaka va tushunchalarini boyitishga qaratilgan seminarlar, mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun viloyatdagi barcha saylov uchastkalari bo‘lajak saylovlarga shay holatga keltirildi.
Ma’lumki, saylov kodeksida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shunga ko‘ra, bu yil mamlakatimizda muddatidan oldin ovoz berish 16 oktyabrdan boshlandi. Viloyatda muddatidan oldin ovoz berish uchun saylov uchastkalariga saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazib berildi.
– Ayni paytda saylov kuni doimiy yashash manzilida bo‘la olmaydigan saylovchilar o‘z huquqlaridan foydalanib, muddatidan oldin ovoz bermoqda, – deydi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Baxtiyorjon Rasulov. – Joriy yilning 21 oktyabr sanasiga jami 22 ming 967 nafar saylovchi muddatdan oldin ovoz berib, fuqarolik burchini bajardi.
Muddatidan avval ovoz berish viloyatdagi barcha saylov uchastkalarida Saylov kodeksi va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilmoqda.
– Saylov uchastkamizda 2 ming 175 nafar saylovchi ovoz beradi, – deydi Andijon shahridagi 35-saylov uchastkasi raisi Abdumuxtor Hakimov. – Bugungi kunga qadar saylov kuni yashash joyida bo‘la olmaydigan 31 nafar fuqaro avvaldan ovoz berish huquqidan foydalandi.
– Saylov kuni safarda bo‘laman, – deydi Andijon shahri Sa’diy mahallasi, O‘sh ko‘chasida yashovchi Nodirbek Mirzabahromov. – Shuning uchun qonuniy huquqimdan foydalangan holda Andijon qurilish va iqtisodiyot institutida joylashgan saylov uchastkasiga kelib, o‘zim ma’qul deb bilgan nomzodlar uchun muddatidan avval ovoz berdim.
Bu yil avvalgi yillardagidan boshqacha o‘tadigan, yurtimiz kelajagi, ravnaqi uchun muhim bo‘lgan saylovlarga yoshlar ham alohida e’tibor bilan qaramoqda. Muddatidan avval ovoz bergan fuqarolar orasida yoshlar ham talaygina.
– Saylov kuni yashash joyimda bo‘la olmasligim bois, men fuqarolik va Saylov Kodeksida belgilangan huquqimdan foydalanib, muddatidan avval ovoz berdim, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofot sohibasi Muxlisa Mashrabova. – O‘zim yashaydigan Jalaquduq tumanidagi 13-son bolalar musiqa va san’at maktabida joylashgan 446-saylov uchastkasiga borib, o‘zim lozim deb bilgan deputatlikka nomzodlarga ovoz berdim. Bilamanki, fuqarolarning saylovlardagi faol ishtiroki, berilayotgan har bir ovoz yurtimizning porloq kelajagi uchun berilayotgan ovozdir.
Muddatidan avval ovoz berish jarayoni belgilangan muddatga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari