O‘yinga asoslangan ta’lim bolalar rivojlanining samarali yo‘li
Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimida bolalarning yosh xususiyatlari, qiziqishlari va tabiiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, o‘yinga asoslangan ta’lim yondashuvi bolalarning bilim va ko‘nikmalarni tabiiy, qiziqarli hamda samarali tarzda o‘zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur yondashuv bolalarda mustaqil fikrlash va ijodkorlikni rivojlantiradi, muloqot va hamkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradi. Shu bilan birga, ularda ijtimoiy faollik kuchayib, ta’lim jarayoni bola psixologiyasi hamda yosh xususiyatlariga mos ravishda tashkil etiladi. Qiziqarli va interaktiv mashg‘ulotlar orqali ta’lim sifati yanada yuksaladi.

Buxoro viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, hududlarda reja-grafik asosida manzilli amaliy seminarlar tashkil etilib, ilg‘or pedagogik tajribalar keng ommalashtirilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro shahridagi 5-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida viloyat miqyosida yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev ishtirok etib, maktabgacha ta’lim sifatini oshirish, bolalar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.

Seminar davomida muassasada faoliyat yuritayotgan beshta rivojlantirish markazida o‘yinga asoslangan ta’lim jarayonlari amaliy ko‘rinishda namoyish etildi. Ishtirokchilarga bolalar bilan ishlashning innovatsion, samarali va zamonaviy usullari ko‘rsatib berildi.

Ayniqsa, mashg‘ulotlarning mazmuni, ularni tashkil etish uslubi va bolalarning faol ishtiroki seminar qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu esa mazkur yondashuvning amaliyotdagi samaradorligini yana bir bor namoyon etdi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bunday amaliy seminarlar maktabgacha ta’lim tizimida sifatli ta’limni ta’minlash, bolalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ijodiy fikrlash va faollikni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, ular pedagoglar faoliyatida ilg‘or tajribalarni keng joriy etish, ta’lim sifatini oshirish hamda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri