Ovoragarchilikdan qulay xizmatlar tizimiga: ta’limda yana bir samaradorlik yo‘li
Mulohaza
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, talabalarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda byurokratik jarayonlarni qisqartirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday muhim yangiliklardan biri oliy ta’lim tashkilotlarida Registrator ofislarining tashkil etilishi bo‘ldi.
Avvallari talabalar turli ma’lumotnomalarni olish, akademik ta’til rasmiylashtirish, o‘qishni ko‘chirish, kredit-modul tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal etish yoki boshqa akademik xizmatlardan foydalanish uchun bir necha bo‘lim va mas’ul xodimlarga murojaat qilishga majbur edi. Bu esa vaqt yo‘qotish, ortiqcha hujjatbozlik va ayrim hollarda noqulayliklarni keltirib chiqarardi.
Bugungi kunda esa Registrator ofislari ushbu xizmatlarni yagona markaz orqali ko‘rsatib, talabalarga qulay va zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirmoqda.
Registrator ofislarining eng muhim jihatlaridan biri xizmatlarning bosqichma-bosqich raqamlashtirilayotganidir.
Zamonaviy axborot tizimlari orqali talabalar o‘zlashtirish natijalari, fanlarga ro‘yxatdan o‘tish, akademik ma’lumotlarni olish va boshqa xizmatlardan tezkor foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Natijada inson omili qisqarib, xizmatlarning shaffofligi va tezkorligi oshmoqda.
Ayniqsa, talabalar va ota-onalar uchun vaqt tejalayotgani mazkur tizimning eng katta afzalliklaridan biri hisoblanadi. Endilikda ko‘plab xizmatlarni olish uchun fakultet, kafedra yoki boshqa tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasida yurishga ehtiyoj kamaymoqda.
Registrator ofislarining joriy etilishi talabalarga xizmat ko‘rsatish madaniyatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Yagona darcha tamoyili asosida tashkil etilgan mazkur tizim orqali murojaatlar qabul qilinadi, tegishli xizmatlar ko‘rsatiladi va natijalar belgilangan muddatlarda taqdim etiladi. Bu esa talabalarning o‘quv jarayoniga ko‘proq e’tibor qaratishi, ma’muriy masalalarga esa kamroq vaqt sarflashiga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, xizmat ko‘rsatish jarayonlarining markazlashtirilishi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirib, oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatida zamonaviy boshqaruv tamoyillarini qaror toptirmoqda.
Bugungi kunda Registrator ofislari nafaqat xizmat ko‘rsatish markazi, balki oliy ta’lim tizimida talabaga yo‘naltirilgan boshqaruv modelining muhim elementi sifatida shakllanmoqda.
Kelgusida xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish, sun’iy intellekt elementlarini joriy etish, mobil xizmatlarni kengaytirish va barcha jarayonlarni yagona elektron platformaga integratsiya qilish orqali ushbu tizimning samaradorligi yanada ortishi kutilmoqda.
Shubhasiz, Registrator ofislari oliy ta’limda ochiqlik, shaffoflik va qulaylikni ta’minlash orqali talabalarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqayotgan muhim islohotlardan biri hisoblanadi.
Har qanday islohotning samarasi avvalo fuqarolar va xizmat oluvchilar tomonidan his etilgandagina namoyon bo‘ladi. Registrator ofislarining joriy etilishi natijasida talabalar o‘z vaqtlarini ma’muriy masalalarni hal etishga emas, balki ta’lim olish va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ko‘proq sarflash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Eng muhimi, fakultetlar va boshqa tarkibiy bo‘linmalarning ham ortiqcha yuklamasi kamaymoqda. Natijada professor-o‘qituvchilar va dekanatlar asosiy e’tiborni ta’lim sifati va tarbiyaviy jarayonlarga qaratish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Begali XOLMIROV,
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi bo‘lim boshlig‘i,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA