O‘ttiz ming nafar buxorolik urushdan qaytmagan
Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan Buxoro viloyatining asosiy tantanali tadbirlari Buxoro tumani markazidagi Xotira xiyobonida bo‘lib o‘tdi.
Buxoro viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov, boshqa sektorlar rahbarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari va boshqarmalari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, ta’lim muassasalari va yoshlar jamoalari harbiy orkestr sadolari ostida xiyobonda joylashgan Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.


Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan minglab hamyurtlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Bunday tadbirlar Ikkinchi jahon urushida qatnashgan ajdodlarimizning jasorati, yorqin xotirasi unutilmas ekanini yana bir bor yodga soladi. Bu yosh avlod qalbida vatanparvarlik, jasorat, mardlik tuyg‘ularini yuksaltirishi bilan yanada ahamiyatlidir.


Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlar viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla va guzarlarida davom etmoqda.
Ma’lumot uchun: Ikkinchi jahon urushi frontlarida Buxoro viloyatidan 73 ming 688 kishi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi kurash olib bordi. Janggohlarda 30 ming nafar buxorolik qolib ketdi. Urushdan qaytganlarning 5 ming nafaridan ortig‘i jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri