O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas meros
Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
Prezidentimizning ushbu so‘zlari yoshlarga qarata aytilgan bo‘lsa-da, aslida har birimiz, har bir avlod uchun o‘ta kerak va foydali hikmatdir. Xavfsizlik kengashining o‘tgan hafta boshidagi yig‘ilishida ham aynan shu omil diqqat markazida bo‘ldi, desak adashmaymiz. Harbiy bilimsiz — harbiy ta’lim yo‘q, deya o‘ziga xos tenglama yaratib berganining o‘ziyoq davlat va millat xavfsizligini ta’minlashda ilmfanning o‘rni har qachondagidan ko‘ra kuchliroq va zarurroq ahamiyat kasb etayotganining tasdig‘idir, albatta.
Chindan ham, ayniqsa, bugun biron soha ro‘shnoligini ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mudofaa tizimini esa gapirmasa ham bo‘ladi. Negaki, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari aynan shu tarmoqda tug‘ilib, so‘ng vaqti soati kelib ommalashishi an’anasini hali hech kim bekor qilganicha yo‘q, qilolmaydi ham deb ishonamiz. Uzoqqa bormasdan, kompyuterlar tarmog‘ining butunjahon tizimi — internet 1969 yili AQSH Mudofaa vazirligi buyurtmasiga binoan yaratilgan ARPANET ning mevasi ekanini eslashning o‘zi yetarli.
O‘zgacha bo‘lishi mumkin ham emas. Chunki xavfsizlik, xalqchil aytganda esa tinchlik-xotirjamlik masalasi barcha zamon va xalqlar uchun doimo birinchi o‘rinda turgan. Shuning uchun ham davlat va jamiyatning eng sara, ko‘p imkonlari — odam, mablag‘, bilim, kasb-kor va boshqalar mazkur yo‘nalishga safarbar qilingan.
Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan, faqat kuch tuzilmalari emas, balki markaziy va mahalliy hokimiyatning deyarli barcha yo‘nalishdagi idoralari, jamoat tashkilotlari qatnashuvidagi yig‘ilishi an’anaga aylandi. Bu ham bejiz emas, deb o‘ylaymiz. Negaki, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash bu umummilliy masaladir. Qolaversa, o‘tgan to‘rt yarim yillik vaqt O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga Amir Temur bobomiz kabi kengashib ish ko‘rish xos ekanligini namoyon etdi. Odamlarni birlashtirish, kattadan-kichikning davlat va jamiyat taqdiriga daxldor masalalarda o‘z so‘zini ayta olishida teng sharoit yaratish va millat oldida turgan azaliy muammolarni hal etishga otlantirishda mazkur fazilat tengsiz kuchga ega.
Yangi O‘zbekiston tarixiy bosqichiga qadam qo‘yilgan ilk kunlardan buyon milliy yetakchimiz tomonidan alohida va uzluksiz e’tibor berilayotgan masala ma’naviyat va ma’rifat bo‘lgani holda, boy va hech kimda yo‘q tarixiy-madaniy merosimiz qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yish, uni chuqur o‘rganish, undan ta’lim va tarbiyadek o‘ta zarur va nozik sohada unumli foydalanishga alohida urg‘u berib kelinayotgani ham haqiqatdir. Kengashning bu galgi yig‘ilishida esa davlatimiz rahbari hali hech kimning xayoliga kelmagan, kelganda ham yurak yutib ko‘tarib chiqishi amrimahol mavzuni o‘rtaga tashladi, uning mag‘zini chaqib, turmushga tatbiq qilish yo‘llarini ham ko‘rsatib berdi.
Ikki million yil burun so‘zlashishni eplay boshlagan kishilik tarixidagi payg‘ambarlar orasida ismiyu jismi, naslu nasabi, avlodiyu yo‘ldoshlari, kitobiyu hadislari, turmushu ishi aniq va dalil-isbotli birdan-bir sanalmish payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning turk tilini o‘rganing, chunki ularning (turkiy xalqlarning) hukmronligi uzoq davom etadi aytganlarini deb), تعلموا لسان الترك فان لهم ملكا طواال) bugun barcha ham bilavermaydi. Mazkur hadisni XI asrda yashab ijod qilgan buyuk olim Mahmud Koshg‘ariy buxorolik va nishopurlik ishonchli ulamolardan eshitib yozgan. Ulug‘ tilshunosning hadis to‘g‘ri bo‘lmagan taqdirda ham ushbu tilni o‘rganish zarurligini aql taqozo qiladi, deya qo‘shimcha qilishidan qat’i nazar, payg‘ambarimiz zamoni va undan oldin ham turkiy omil o‘z dovrug‘ini ham Sharqda, ham G‘arbda taratib bo‘lgan edi.
Talabaligimizda forschada eshitib, yod olgan ilk maqollardan biri “zaboni arabiy mo‘shkel ast, zaboni forsiy shakar ast, zaboni to‘rkiy ho‘nar ast” bo‘lgan. Ya’ni arab tili qiyin, fors tili shirinu shakar, turk tili esa siyosat tili. Bizning endigi tushunchamizdagi kasb-kordan farqli o‘laroq mazkur so‘z o‘rta asrlarda, eng avvalo, qobiliyat, ishning ko‘zini bilish, ustozlik, mahorat, fazilat ma’nolariga ega bo‘lgan. Ya’ni turkiy til davlat va harb boshqaruvi tilidir.
Shu ma’noda, Yaratgan elchisining turkiy xalqlar va tili borasidagi qarashlarida kattagina haqiqat bor, deb ayta olamiz. Negaki, so‘nggi 2000 yil ichida dunyo siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan va madaniy turish-turmushida yetakchilik qilgan ellardan biri, ma’lum ma’noda, asosiysi chindan ham turkiylar bo‘lgan. So‘nggi ilmiy izlanishlarga ko‘ra, turkiy o‘g‘izlardan bo‘lmish kushoniylar mintaqamizdan tashqari hozirgi Afg‘oniston, Pokiston, Shimoliy Hindistonni boshqargan (I-IV asrlar), ulardan keyin deyarli xuddi shu kenglikda eftaliylar (IV-VI asrlar) hukmronlik qilgan bo‘lsa, arab xalifaligi dunyoga kelishi arafasida (VI-VII asrlar) ashinaliylar (turk xoqonlari) Do‘n daryosidan Shimoliy Hindistongacha, Qora dengiz bo‘ylaridan Tinch okeanigacha yastangan ulkan kenglikni idora etgan.
Xitoy hukmdorlari bo‘yniga yiliga 100 000 parcha ipak yetkazib berish shartini qo‘ygan, Eron sosoniylariga 40 000 oltin dinor o‘lpon tayinlagan, Vizantiyagacha cho‘zilgan savdo-sotiq yo‘lini (Buyuk ipak yo‘li) nazorat qilgan turkiy sulolalar dovrug‘i Arab yarim oroligacha yetib bormasligi mumkin emasdi.
Rasuli akramning bashoratlari to‘g‘ri chiqqan: IX asrdan XX asr yigirmanchi yillarigacha chindan ham O‘rta dengizdan Xitoygacha, Dunaydan Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan ulkan hududni asosan turkiy siyosiy kuchlar boshqargan. Ulardan eng mashhurlari sirasida saljuqiylar, anushteginiylar (xorazmshohlar), temuriylar, usmoniylar, shayboniylar, safaviylarni tilga olishimiz mumkin. Oltin O‘rdada (asosan hozirgi Rossiya va Qozog‘iston yerlari), Haloku ulusida (hozirgi Eron, Afg‘oniston, Iroq, Ozarbayjon, shuningdek, Suriya va Turkiyaning bir bo‘lagi) ham turkiy qatlam va til o‘ta kuchli bo‘lgani inobatga olinsa, so‘z ketayotgan mavzuning mohiyati yanada oydinlashadi.
Jahon tarixida o‘ziga yarasha mashhur davlat arboblari, sarkardalar ko‘plab topiladi. Ularning o‘zaro o‘xshash jihatlari ham yetarli. Biroq ular orasida arboblik, qo‘shinboshilik, saltanatchilikdagi buyukligidan tashqari boshqaruvchilik mahorati haqida bitik yaratgan yagonasi bor. U — Amir Temur va bu — “Temur tuzuklari”!
Chindan ham bunday sharaf na Aleksandru Chingizxonga, na Kayzeru Napoleonga nasib etgan. Yana Xudo biladi-ku, biroq balki shuning uchun ham ayrimlar, “Tuzuklar”ni Amir Temur yozmagan, qabilidagi bo‘htonlarni tarqatgandir. O‘zi, umuman olganda, nega bizning o‘tmishimiz, ulug‘ ajdodlarimizga ko‘p tosh otilgan?
Bu dunyoning ishlari chigal va og‘ir. Uning qonuni bitta: o‘zing uchun o‘zing tirish. Ya’ni yetuk nasl qoldir, urug‘ingni aynitma! Kimki — xoh shaxs, xoh jamiyat — mazkur tuzukka rioya qilsa, yutgan. Bo‘lmasa, raqobatga chidash berolmay, yo yo‘q, yo qaram, oyoqosti bo‘lgan.
Qarama-qarshilikda qo‘llanadigan eng ta’sirchan qurollardan biri esa mafkuraviy buzg‘unchilikdir. Qisqasi, mo‘ljaldagi yurt tarixi, tili, adabiyoti, san’ati, dinini yerga urish orqali ularning egalarida shaxsiy va milliy ojizlik, tili qisiqlik, o‘ziga ishonmaslik, mutelik tug‘diriladi. Oqibati ma’lum: bunday avlod najotni begonalardan qidiradi, shu tariqa qopqonga tushadi...
Shu ma’noda, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini tashkil etish bo‘yicha tashabbusida o‘ta chuqur hikmat va tarixiy adolat bor, deb sanaymiz. Negaki, yuqorida urg‘u berilgan omil — so‘ng gi 2000 yil ichida Yaqin va O‘rta Sharqni bosh qargan turkiy xonadonlarning kelib chiqishi Turon, o‘zbek davlatchiligi bilan bog‘liqligi, o‘z-o‘zidan, harb ishi borasidagi ushbu boy va ulkan bisotning egasi borligini tasdiqlaydi. Miloddan oldingi VI asrda ochiq maydonda Kurushni yer qaqshatgan Tomir xotunga omad emas, balki qattiq vatanparvarlik va harbiy mahorat qo‘l kelganini ham qo‘shib mulohaza qilsak, mazkur hikmat mag‘zini chaqqan bo‘lamiz. Shunday tengsiz, o‘rgansa, maqtansa va g‘ururlansa arzigulik milliy boyligimiz mana endi yuzaga chiqqani esa, nihoyat tarixiy adolatning qaror topganini anglatadi, albatta.
Ushbu institutning buguni va kelajagi porloqligi masalasida ham shubha qilmasa bo‘ladi. Negaki, izlanish, o‘rganish, xulosalash uchun manba va mavzularning sanog‘i yo‘q, desak ham bo‘ladi. Ularning ayrimlarini milliy yetakchimiz tilga olingan kengashda aytib ham berdi: Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux, Bobur harbiy merosini o‘rganish.
Keling, bir haqiqatni baralla aytib, tan olaylik: tariximiz bo‘yicha bilimlarimiz haligacha ancha yuzaki. Qoyillatib o‘qimagan bo‘lsak, qayerdan ham pishiq bo‘lsin. O‘qiganlarimiz ham yuzaki. Qoyillatib o‘rganmagan bo‘lsak, qayerdan ham pishiq bo‘lsin.
Jaloliddin Manguberdi haqida bilganlarimiz mana bundan nari o‘tmaydi: mo‘g‘ullarga qarshi kurashgan, Sind daryosi bo‘yida harami va bolalarini suvga cho‘ktirib, o‘zi ham oti bilan daryoga sakragan, Chingizxon, o‘g‘ling bo‘lsa, shunday bo‘lsin, degan, vassalom.
Amir Temur, Boburga oid bilimlarimiz ozroq ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin bilag‘onlar gurungida uyalib qolmaydigan darajada emas. Shohruxni esa juda ko‘pchiligimiz yolchitib tanimaymiz. Amir Temurning o‘g‘li, Ulug‘bekning otasi bo‘lganini bilamiz, xolos.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Shohrux nomini tilga olgani tarixchilar uchun katta voqea, deb sanaymiz. Negaki, aynan Shohrux temuriylar xonadonining Amir Temurdan keyingi eng zabardast, yorqin, donishmand va bunyodkor vakili sanaladi. Sohibqirondan so‘ng yemirilish yo‘liga tushgan buyuk saltanatning o‘zagini — hozirgi O‘rta Osiyo, G‘arbiy Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Shimoliy Hindiston, Eron, Kavkaz, shuningdek, Iroq va Turkiya ning sharqiy bo‘laklarini o‘z ichiga olgan ulkan kenglikni o‘zbek davlati izmida saqlab qolgan Shohrux bo‘ladi. O‘limi yuz bergan 1447 yilga qadar, ya’ni qirq ikki yil mobaynida oqillik, donishmandlik, qat’iyatlikka tayangan holda ichki va tashqi siyosat yuritgan.
“Hurmatli” g‘arblik olimlar xuddi Amir Temur, temuriy-boburiylarning eng yorqin vakili Akbarni savodsizga chiqargani singari, Shohruxni ham kamsitish yo‘lini topgan: toat- ibodatga berilgan erining o‘rniga saltanatni xotini Gavharshodbegim boshqargan. Vaholanki, temuriylar davri bilan bog‘lanadigan Uyg‘onish davri poydevori haqiqatan ham Amir Temur tomonidan qo‘yilgani holda, uning imoratini aynan Shohrux yaratgan, deya olamiz. Uning urinishlari bilan tug‘ilgan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy muhit o‘laroq Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid, Lutfiy, Sakkokiy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Behzod, Sulton Ali Mashhadiy singari ulug‘ ijodkorlar yetishib chiqqan, tabiiy va aniq fanlar, falsafa, tarix, til, adabiyot, she’riyat, san’at, me’morchilik, hunarmandchilik faqat Turonda emas, hozirgi Afg‘oniston, Eronga to‘g‘ri keladigan o‘lkalarda ham gullab-yashnagan.
Shohruxning o‘g‘illari Boysung‘ur va Ibrohim Sultonning tarix, adabiyot, san’at, me’morchilik borasidagi iste’dodlari hamda homiylik ishlari haqida hali ko‘pchilik bexabar.
Tilga olingan ulkan kenglikni o‘z qo‘l ostida birlashtirishga erishgan shaxs davlatimizga yetkachilik qilgan kezlari harbiy salohiyatimiz qanday bo‘lganini chamalash qiyinmas, deb o‘ylaymiz. Lashkarga hokimiyat tayanchi, davlat barqarorligini ta’minlovchi, chegaralar va mamlakat hududining qo‘riqchisi, dushmanlarni yenguvchi omil sifatida qaragan Shohrux 1409 yili Ulug‘bekni Movarounnahr va Turkiston mulkiga hokim etib tayinlar ekan, chegaralarga ish ko‘rgan va tiriklikning achchiq-chuchugini tatigan, oqil va qo‘rqmas kishilarni tayin qilib, u yerlar qo‘rg‘onlarining mustahkamligi borasida zaruriy choralar ko‘rish, sarhadlardan doimo ogoh bo‘lish, ehtiyotkorlikni esdan chiqarmaslik kerakligini qattiq tayinlagani ma’lum.
Harbiy merosimizda o‘z atamalarimiz yetarli ekani, faqat biz ularni bilmasligimizga urg‘u bergan Oliy Bosh Qo‘mondonimiz “ura” hayqirig‘i aslida g‘irt o‘zbekcha so‘z ekanini juda to‘g‘ri asoslab berdi. Chindan ham bobolarimiz urush maydoniga “ur, ur” chaqirig‘i ostida kirganlar. Mazkur odat uzoq yillar Oltin O‘rdaga qaram bo‘lgan rus davlatiga ham o‘tgan (ura). Harbiy “parad” ham xuddi shu yo‘l bilan tarqagan. Bizda u ko‘rik deyilgan va quyidagicha o‘tkazilgan.
Oliy bosh qo‘mondon harbiy yurish e’lon qilgach, tavochilar (qo‘shin to‘plovchilar) bu haqida mahalliy hokim va urug‘boshlariga yetkazgan. Ular esa ilgari o‘zlariga yuklatilgan majburiyat — buljorda ko‘rsatilgan qo‘shinni shay holda buyruqda ko‘rsatilgan yer va vaqtga yetkazib olib borishlari shart bo‘lgan.
Harbiy ko‘rik, odatda, barcha yoki asosiy kuchlar to‘plangan payt va manzilda tashkil qilingan. Bundan maqsad, birinchidan, lashkarning aniq sonini bilish, ikkinchidan, jangda qo‘llaniladigan har qanday qurol-yarog‘, asbobu uskunaning tayyorligiga ishonch hosil qilish, uchinchidan, oziq-ovqat va yem-xashak ta’minotini ko‘zdan kechirish, to‘rtinchidan, jangovar tartibni tuzish.
Binobarin, yosomishi atamasi bilan ham aniqlashtirilgan mazkur jarayon tavochi beklar tomonidan barcha qo‘shinni sanoqdan o‘tkazishdan boshlangan va bunga bir necha kungacha vaqt sarflangan. 1420 yili amir Qora Yusufga qarshi otlangan Shohrux hozirgi Eron hududida o‘tkazgan shunday tadbirda tavochilar ikki yuz ming otliq va yuz tumon (bir million) qora cherik (piyodalar va boshqalar) to‘planganini aniqlagan.
So‘ng butun harbiy kuch erta tongda katta kenglikda saf tortgan. Qo‘shin ahli sovutlarni kiyib, qalqon, qilich va nayzalarni qo‘lga olib, otlarga mingan. Bayroqlar baland ko‘tarilib, nog‘oralar chalingan. Shohrux otga mingan holda lashkarni tumon-tumon, qo‘shun-qo‘shun ko‘zdan kechirishni boshlagan. Har bir harbiy birikma, bo‘linmaning qizil, sariq, ko‘k (havorang), binafsha rangli bayrog‘i bo‘lgan. Oliy bosh qo‘mondon ular qarshisiga borganida, har birining boshliqlari va askarlari nayzalarini yelkalariga ko‘tarib, bir ohangda na’ra tortib, unga o‘z sadoqatlarini bildirgan.
Mazkur tarixiy guvohlikdagi ikki yuz ming otliqning har biri sovut kiygan holda bo‘lgani hamda qalqon, qilich va nayza bilan qurollanganini diqqatdan qochirib bo‘lmaydi. Bunday ta’minot har qaysi davlatning ham qo‘lidan kelavermagan. Ularni yuksak sifat darajasida yasash, tinchlik paytlarida omborlarda saqlash zarurati inobatga olinsa, bizda azaldan harbiy ishlab chiqarish an’anasi bo‘lgani ayonlashadi-qoladi.
Milliy yetakchimiz harbiylarimiz o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazilishi va bunda o‘zimizning milliy tajribamizni qo‘llash zarurati haqida alohida to‘xtaldi. Temuriylar davri tarixiy manbalariga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida yoydan o‘q uzish bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazib turilgan ekan. Mashhur tazkirachi Davlatshoh Samarqandiy hayit bayrami munosabati bilan uyushtirilgan shunday musobaqada Shohrux tomoshabin, uning o‘g‘li Muhammad Jo‘kiy esa qatnashchi bo‘lgani, u ustunga osib qo‘yilgan qovoq-nishonni birinchi urinishdayoq ikkiga ajratib yuborgani haqida yozib qoldirgan.
Tilga olinganlar o‘zimiz bilganlarimizdan bir shingil, xolos. Bilmaganlarimizning esa chegarayu sanog‘i yo‘q. Eng muhimi, o‘zagi bilimga yo‘g‘rilgan ushbu meros o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi. Uni yuzaga chiqarish uchun nimalardan kuch olishimiz kerakligini esa Prezidentimiz doimo ta’kidlab kelmoqda: millat va yurtni sevish, izlanish va o‘rganishdan to‘xtamaslik, » Yangi O‘zbekistonimizga sadoqatli bo‘lish!
Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor