Otalik burchini unutgan 22 nafar fuqaro qamaldi
Joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi tashabbusi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan 22 nafar qarzdor fuqaroga nisbatan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.
– Ma’muriy ishi ko‘rilgan E.B. Qarshi shahridagi “Xaramjo‘y” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi, – deydi MIB Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i Alisher Toirov. – Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2020 yil 7 dekabr kunidagi buyrug‘i bilan undiruvchi X.B. foydasiga 2 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati MIB Qarshi shahar bo‘limi ish yurituviga olingan bo‘lib, qarzdorga bu haqda tushuntirish berilgani va bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay E.B. aliment to‘lashni paysalga solib keldi. Bu orada qarzdorlik 8 million 881 ming so‘mga borib yetadi. Oxir-oqibat mazkur ijro hujjati mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuboriladi. Sud majlisida otalik burchini unutgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47/4-moddasi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shu kuni shaharning “Mahallot” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi T.I. 14 million 877 ming, “Temiryo‘lchi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi F.A. 16 million 544 ming, “Zahokimaron” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S.G. 21 million 977 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lamaganligi uchun ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Shuningdek, sud jarayonida 5 nafar qarzdor aliment pullarini to‘lab berganligi bois, jazodan ozod etildi. Jumladan, Eski anhor MFYda yashovchi qarzdor A.Imomnazarov ixtiyoriy ravishda 5 million 520 ming qarzdorligini to‘lab berganligi bois, ushbu ma’muriy ish harakatdan to‘xtatildi.

Sud jarayonida o‘z otalik burchini, farzini unutgan 17 nafar otaga nisbatan sudning qarori bilan turli muddatlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA