Otalar mas’uliyatli bo‘lsa ajrimlar soni yanada kamayadi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchquduq tuman sudining 2020 yil 27 fevraldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor R.Nasirovdan I.Ternovaya foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lib, ushbu hujjat Byuroning Uchquduq tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor R.Nasirovning aliment qarzdorligi 6 million 7 ming so‘mni tashkil etganligini aniqlanib, bu qarzdorlik I.Ternovayaga undirib berildi.
Xalqimiz bolajon halq. Ular farzandlariga butun mehrini berib, tarbiyalab voyaga yetkazadi. Lekin oramizda bunday ulug‘ ne’matning qadriga yetmaydigan otalar ham uchrab turadi. Aksariyat hollarda turmushdagi oddiy janjal va tortishuvlar ota-onalarning ajrashib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Buning natijasida begunoh farzandlar ota-ona mehrisiz o‘sib-ulg‘aymoqda. Eng achinarlisi ajrashib ketgandan so‘ng esa ayrim otalar farzandlarining kelgusi taqdiri haqida umuman o‘ylamaydi. Hatto ularga mehr ko‘rsatish u yoqda tursin, moddiy ta’minlashni xayollariga ham keltirmaydi.
– Byuro tomonidan majburiy ijro harakatlari davomida aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro ishlarida qat’iylikni ustun qo‘ygan davlat ijrochilari majburiyatsiz otalarga nisbatan tegishli choralarni ko‘rib bormoqda, – deydi Majburiy ijro byurosi Uchquduq tumani bo‘limi boshlig‘i T.Sirojov. – Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarafshon tumanlararo sudining 30.04.2019 yildagi ijro hujjatiga asosan V.Isanovdan N.Karimova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lsada, V.Isanov 19 oy mobaynida aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi oqibatida qarzdorlik salkam 17 million so‘mni tashkil etgan.
Qarzdor sud qaroridan xulosa chiqarmasdan yana aliment pullarini to‘lamasdan kelganligi sabab, unga nisbatan JKning 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Albatta, otalarning o‘z burchi va vazifalarini to‘liq ado etishi ajrimlar sonini qisqarishiga va farzandlarning moddiy ta’minotsiz qolmasligiga erishish mumkin.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA