Otalar farzandi oldidagi burchini unutmasin
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– Ayni paytda byuroning viloyat boshqarmasi hamda hududiy bo‘limlari ish yurituvida 33,5 mingta aliment bilan bog‘liq ish hujjatlari mavjud, – deydi Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Otabek Salmanov. – Mazkur ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 30 ming 100 ta bank plastik kartalari ochilib, undiruvchilarga bepul tarqatildi. Qariyb 82 milliard so‘m miqdoridagi aliment qarzdorlik undirilib, plastik kartalarga o‘tkazib berildi. Bundan tashqari, oilalarni mustahkamlash tadbirlari doirasida 9 ming 171 ta oila yarashtirildi, 3 ming 330 nafar qarzdor ishga joylashtirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor M.X. dan undiruvchi D.X. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Qarzdor aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirmay kelgani sababli, Byuroning tuman bo‘limi xodimlari tomonidan unga nisbatan to‘plangan ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan. Sud tomonidan qarzdorga nisbatan 38 million 612 ming 800 so‘m aliment qarzini to‘lamagani uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Belgilangan jazo muddatini o‘tab chiqqandan so‘ng ham aliment to‘lovlarini to‘lamay yurgan ota Byuro xodimlari tomonidan aliment to‘lamaslik jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida ogohlantirilgan. Shundan so‘ng, qarzdor M.X. aliment to‘lovidan bo‘lgan 40 million 380 ming 323 so‘m qarzdorlik hamda farzandlari voyaga yetgunga qadar hisoblangan aliment miqdoridagi mablag‘ o‘rniga o‘zining egaligidagi uy-joyini o‘tkazib berishini ma’lum qildi. Taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilib, uy-joy undiruvchi nomiga o‘tkazib berildi.
Farzand ta’minoti uchun moddiy yordam ko‘rsatish har bir otaning ham insoniy, ham qonuniy burchi hisoblanadi. Otalar qayerda bo‘lmasin ana shu burchini unutmasligi lozim.
F. UBAYDULLAEV,
O‘zA