Otalar farzandi oldidagi burchini bajarishi shart
Jizzax viloyatida farzandlarining ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan, alimentdan qarzdor bo‘lgan 4 nafar fuqaro sud qaroriga asosan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.
O‘zbekistonda bolalarning barcha huquqlari qatori moddiy ta’minot olish huquqi ham qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 77-moddasiga ko‘ra, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Hayot so‘qmoqlarida turli sabablarga ko‘ra, oilalarning buzilib ketishi natijasida alohida yashaydigan ota yoki onaning bola ta’minotida ishtiroki bugungi kunga kelib ham o‘ta dolzarb muammoligicha qolayotir. Shu sababdan ham amaldagi Oila kodeksining 96-moddasida ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart ekani alohida belgilab qo‘yilgan.

Bugungi jamiyatimizda farzand tarbiyasi, uning ta’minoti har bir ota-ona zimmasidagi o‘ta sharafli va ayni paytda mas’uliyatli vazifa hisoblanadi. Afsuski, ana shunday mas’uliyatli vazifani o‘z ixtiyori bilan bajarishdan bosh tortuvchi, bo‘yin tovlovchi ota-onalar ham bor. Shu kabi holatlarda qonun ustuvorligini ta’minlash va ta’sirchanligini oshirish maqsadida ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari ko‘riladi.
Sudning qaroriga asosan farzandlarining ta’minoti uchun aliment to‘lashi belgilangan bo‘lsada, ijro harakatlari davomida bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan bo‘yin tovlab kelgan 3 nafar alimentdan qarzdor fuqarolarga Byuroning Paxtakor tumani bo‘limi tomonidan MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan. Natijada jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining joriy yilning 7 avgustdagi qaroriga asosan aliment to‘lamay yurgan bu shaxslarning har biri 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.
Xuddi shu kabi holat fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudida ham ko‘rib chiqilib, qarzdor Sh.U.dan undiruvchi N.U foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minoti uchun qarzdorning ish haqi va boshqa daromadlaridan uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Arnasoy tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq fuqaro Sh.U.ga nisbatan ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Davlat ijrochisi tomonidan Qonunning 42/1-moddasiga asosan MIB portal dasturi orqali qidiruv e’lon qilindi. Huquq-tartibot idoralarining olib borgan tezkor tadbirlari natijasida, qidiruvdagi qarzdor Sh.U Arnasoy tumani hududidan topildi va davlat ijrochisiga topshirildi. Unga nisbatan yuritilgan qidiruv harakatlari tugatildi.
Ijro harakatlari natijasida qarzdor Sh.Uga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47/4-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi berildi.
Xulosa qilib aytganda, aliment bu qarz emas, balki farzandning u voyaga yetgunga qadar beriladigan ta’minotidir. Buni bajarish esa har bir ota-onaning burchidir.
Alimentni to‘lamay yurish – qonunga xilofdir. Qonunni buzgan har qanday ishga jazo muqarrar.
A.QAYUMOV, O‘zA