Ota-onasining qotili boʻlgan farzandlar
Qarib qolgan otasiga qoʻl koʻtargan farzandlar haqida keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha videolar tarqaldi.
Qarib qolgan otasiga qoʻl koʻtargan farzandlar haqida keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha videolar tarqaldi. Ojiz ahvoldagi inson, ayniqsa otaning oʻz bolasi tomonidan tahqirlanishi odamlarning nafratiga sazovor boʻldi, albatta.
Jamoatchilik fikrlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar eʼtiboridan chetda qolmadi. Zarur choralar koʻrilib, nodon farzandlarga maʼmuriy choralar ham koʻrildi.
Biroq, oʻz ota-onasining qotiliga aylanayotganlar borligi... Aytsang tiling, aytmasang diling kuyadigan holat. Shunday emasmi?
Oʻtgan yilda aynan shunday holatlar sodir boʻlgan: Andijon viloyati Izboskan tumanida biron joyda ishlamaydigan, ichkilikka ruju qoʻygan fuqaro K. uyida mast holda nogiron otasi va onasi bilan janjallashib, ularni shafqatsizlarcha oʻldirgan. Samarqand shahrida esa fuqaro Yu. otasi mast holda nabirasini soʻkkanligi uchun u bilan janjallashgan va pichoqlab oʻldirgan.
Essiz, oʻz bolasining qoʻlida ajal topgan ota-onalar. Ular shu maqsadda farzand oʻsdirganmidi?
Bosh prokuraturada boʻlib oʻtgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ana shunday holatlar tilga olindi.
Bosh prokuror N.Yoʻldoshev qotillik jinoyatlari aksariyat hollarda oila-turmush va oddiy maishiy munosabatlar tufayli kelib chiqqayotganini taʼkidladi. Bunday toifadagi jinoyatlarning 28 foizi er-xotin, aka-uka, ota-oʻgʻillar oʻrtasida yuz bergan.
Bunga esa qarindosh-urugʻlar yoki qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi nizo va kelishmovchiliklar toʻliq bartaraf etilmayotgani, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishdagi kamchiliklar ham sabab boʻlmoqda.
Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligiga doir masalalar muhokama qilinar ekan, 2019-yilda jinoyatlar soni Buxoro, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yuqoriligicha qolgani qayd etildi.
Xususan, qotillik jinoyati Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida koʻpaygan. Profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida 51 ta tuman va shaharlarda qotillik jinoyati koʻpaygan.
Ogʻir shikast yetkazish Qashqadaryoda, nomusga tegish Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda, bosqinchilik Sirdaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida sezilarli oshgan.