Ota-onalar va pedagoglar hamkorligi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Ota-onalar kuni” ma’naviy-tarbiyaviy tadbiri o‘tkazildi.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Ota-onalar kuni” ma’naviy-tarbiyaviy tadbiri o‘tkazildi.Universitet rektori Sh.Sirojiddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodning har tomonlama kamol topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar samarasida yoshlar jamiyatimizning bilimdon, intiluvchan, ijobiy qarashlarga ega qatlamiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Ilk bor tashkil etilayotgan ushbu tadbir ota-onalarga farzandining o‘qishi, bilim olishi, izlanishlari, qiziqishi bilan yaqindan tanishish imkonini yaratdi.
Universitetda joriy etilgan elektron nazorat tizimida har bir talabaning davomati, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, nazorat ishlarida olayotgan baholari haqida ma’lumotlar berib boriladi. Mazkur tizimda yigit-qizlarning muzeylar, teatrlar va boshqa muassasalarga borishi, amaliyot o‘tayotgan tashkiloti va shu kabi ma’lumotlar muntazam yangilab boriladi. Bunda ota-onalar farzandining bilim olish, jamoa hayotida ishtirok etish, bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish jarayonlarini kuzatib borish imkoniga egadir.
Bu kabi amaliy sa’y-harakatlar yoshlarni turli illatlar va yot fikrlardan asrash, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qalbida ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj ortib borayotgan bugungi kunda bu kabi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga ham xizmat qiladi.
– Qizim Go‘zal fizika fakultetida o‘qiydi, – deydi Avazbek Ochilov. – Kasbim o‘qituvchi bo‘lgani bois ota-onalar va pedagoglar hamkorligi yaxshi samara berishini bilaman. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, mukammal bilim olishi, o‘z kasbining ustasi bo‘lib yetishishi uchun biz, kattalar ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib turishimiz lozim. Farzand niholga o‘xshaydi. Ularni oyoqqa turgunicha, o‘z yo‘lini topib olgunicha turli tahdidlardan himoya qilish vazifamizdir.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan mazkur elektron tizimning ishlash jarayoniga oid ma’lumotlar berildi. Ota-onalar o‘z farzandlari tahsil olayotgan fakultetlar, talabalar turar joylari, axborot-resurs markazida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar bilan tanishdi.