Ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionlari aniqlandi
Poytaxtimizdagi "Universal jumping agro" majmuasida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yangi iqtidor egalarini kashf etdi.
Murosasiz bahslarda mamlakatimizda ot sportining ushbu yo‘nalishi bo‘yicha shug‘ullanib kelayotgan mahoratli chavandozlar o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.

Belgilangan to‘siqlardan xatosiz o‘tish jarayonlarida chapdastlik ko‘rsatgan chavandozlardan Xurshidbek Alimjonov o‘z tulpori bilan 150 sm to‘siq balandligini zabt etgan holda "A" toifasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, Ashrafxon Ne’matov "D" toifasida (135 sm), Alisher Erkinov "B" toifasida (130 sm), Anna Sigidina "Ye" toifada (120 sm) hamda Abdushukur Sobirjonov 6 to‘siqli toifa dasturida mamlakat chempioni bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA