Ot sporti: E’tibor va e’tirof – g‘alaba va yutuqlarning poydevori
O‘tayotgan yil mamlakatimiz sportchilari, xususan ot sport turlari vakillari uchun har qachongidan sermahsul kechdi.
Ahamiyatlisi, 2021 yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jisomniy tarbiya va sport tizimini rivojlantirish to‘g‘risida yigirmadan ortiq qarorlari, davlat dasturlari, “yo‘l xarita”lar qabul qilingan bo‘lsa, shundan kamida 5-6 tasi bevosita yilqichilik va ot sport turlarini ommalashtirishga, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, yoshlar o‘rtasida ushbu sohani keng ommalashtirishga tegishli bo‘ldi.

Joriy yilning 11 martida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ushbu sport turlari rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash va ommalashtirish, ular bo‘yicha milliy terma jamoamizning jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishilishini ta’minlash maqsadida 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturining qabul qilinganligi soha taraqqiyotida suv va havodek zarur ishlarning bajarilishiga qo‘shqanot bag‘ishladi.
Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davlat dasturida ko‘rsatib o‘tilganidek, joriy yilning sentyabridan e’tiboran ot sportining ot yo‘rttirish, to‘siqlardan sakrash (konkur), zamonaviy beshkurash, polo bo‘yicha xalqaro turnirlarni tashkil qilish hamda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha jahon maydonlarida o‘tadigan yirik sport anjumanlarida O‘zbekiston nomini ulug‘lash ko‘zda tutilgan edi.
Yil yakunlari va eng kuchli sportchilar, murabbiylar va jamoalarni aniqlash va ularni taqdirlash bo‘yicha poytaxtimizda o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.
Aytish lozimki, o‘tayotgan yil davomida mamlakatimiz ot sport turlari vakillari Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlarida va yurtimizda tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etishdi. Vatanimiz dovrug‘ini oshirishda o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Ahamiyatlisi, o‘tayotgan yilning har bir xaftasida mamlakatimizda u yoki bu darajada ot sporti musobaqalari tashkil etildiki, buning natijasida minglab yoshlar, aholining keng qatlami ot sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar bilan qamrab olindi.

– Albatta, 2021 yil yurtimiz ot sporti vakillari uchun omadli keldi. Epidemiologik vaziyatga qaramasdan 20 taga yaqin xorijiy musobaqalarda qatnashdik. Agar o‘tgan yillar bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu yilgi ko‘rsatkich 95 foizga amalga oshirildi. Bir qator turnir va chempionatlarda ilk bor ishtirok etishimizga qaramasdan 20 dan ziyod medallar shodasini qo‘lga kiritdik. Buning barchasi zamirida davlatimizning ot sportiga bo‘lgan e’tibori mujassam. Yil davomida erishilgan natijalarda sportchi va murabbiylarning, mutaxassislarning xizmati beqiyos bo‘ldi. Ularni munosib taqdirlash, kelajakdagi yutuq va g‘alabalar sari ilhomlantirish doimiy vazifamiz, – deydi O‘zbekiston ot sporti, polo va zamonaviy besh kurash federatsiyalari rahbari Bahrom Gaziyev.
Tadbir davomida 2021 yilning eng yaxshi sportchilari, jamoalari, murabbiylari, musobaqa tashkilotchilari qatorida 30 dan ziyod nominatsiyalar bo‘yicha nomzodlar taqdirlandi. Asosiysi, munosiblar nomi e’tirof etildi. Ularga sovg‘alar, gullar taqdim etildi. Muhimi, keyingi g‘alabalar sari sportchilar, murabbiylar, mutaxassislarga ma’naviy quvvat bag‘ishlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA