O‘t o‘chiruvchilar Namanganda bellashdi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi yong‘in-qutqaruv amaliy sporti bo‘yicha mamlakat ochiq chempionatiga mezbonlik qildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur musobaqada vazirlik hududiy va tarkibiy tuzilmalaridan 18 ta jamoa bilan bir qatorda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining O‘zbekiston harbiylashtirilgan qutqaruv qismlari hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ko‘ngilli qutqaruv qismi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati “Maksam-Chirchiq” harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi, “O‘zbekiston aeroports” aksiyadorlik jamiyati parvozlarning qidiruv va avariya-qutqaruv ta’minoti xizmati, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismi vakillari qatnashdi.


Musobaqaning tanatanali ochilishida Namangan viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkat Abdurazzoqov favqulodda vaziyatlar tizimini rivojlantirish, qutqaruvchilarning kasbiy va jismoniy tayyorgarligini yuksaltirishda bu kabi musobaqalarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.

Musobaqada ishtirokchilar dastavval, yong‘in o‘chirish estafetasi va ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasining to‘rtinchi qavatiga ko‘tarilishda bellashdilar. Qizg‘in bahslar davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, mahorati hamda jamoaviy hamjihatligini ko‘rsatdi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoasi ham yigitlar, ham qizlar o‘rtasidagi bahslarda eng yuqori natijalarni qayd etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.


Ochiq chempionatning g‘olib-sovrindorlari jamoalariga pul mukofotlari, diplom, medallar va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.