Ostonada O‘zbekiston kinosi kunlari
Qozog‘istonning Ostona shahrida kecha O‘zbekiston kinosi kunlari boshlandi. “Chaplin” kinoteatrida tashkil etilgan anjuman shahar aholisi va mehmonlariga zamonaviy o‘zbek kinomatografiyasining sara namunalari bilan tanishish imkonini taqdim etgan.
Qardosh qo‘shni davlat poytaxtida tomosha qilish mumkin bo‘lgan ilk film, rejissyor Muzaffar Erkinovning 2023 yil suratga olingan “Abdulla Oripov: Mustaqillik kuychisi” kinokartinasi taniqli o‘zbek shoiri, O‘zbekiston davlat madhiyasi matni muallifining hayoti va ijodi haqida hikoya qiladi. Muxlislar ushbu yorqin shaxsning shakllanish tarixiga berilib ketishi, uning o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasidan xabardor bo‘lishi mumkin.
Oilaviy qadriyatlar mavzusi yoritilgan ikkinchi film – “Yasha, xotin!” komediyasi nafaqaga chiqqach, o‘zini yolg‘iz his qilgan qahramon taqdiridan so‘zlaydi. Tomoshabin mazkur film syujetiga asos bo‘lgan er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasida mehr-muhabbat nechog‘li muhimligi, olijanob g‘oyalar qadriga yetish zarurligiga yana bir bor ishonch hosil qilishi tabiiy.
Aziza Alimova, O‘zA