Osoyishtalik posbonlari xizmatga yo‘l oldi
IIV Akademiyasining sirtqi ta’lim fakulteti ichki ishlar organlari uchun oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Joriy o‘quv yilida ta’lim muassasasini 400 dan ziyod tinglovchi tamomladi. Ular orasida ichki ishlar organlari bilan birga, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar xodimlari ham bor. Shu munosabat bilan Akademiyada tashkil etilgan tantanali bitiruv marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, IIV Malaka oshirish instituti vakillari, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.

Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Hotamov Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishga qaratilganini qayd etdi. Bu ustuvor maqsad huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga ham ulkan vazifa va mas’uliyat yuklaydi. Bunda, eng avvalo, qonun ustuvorligini ta’minlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish faoliyatimizning asosiy mezoniga aylanishi kerak.

Ta’lim muassasasi rahbari islohotlar sur’ati kuchayib borayotgan hozirgi davrda har bir xodim professional bilim salohiyati, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, yuksak kasbiy tayyorgarligi bilan yurtimizda kechayotgan yangilanishlarga munosib hissa qo‘shishi lozimligini ta’kidlab, bitiruvchilarni qizg‘in muborakbod etdi. Shundan so‘ng tinglovchilarga “oliy ma’lumotli yurist” malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Aytish joizki, o‘tgan to‘rt yil mobaynida akademiyada ta’lim oluvchilarning mutaxassislikka oid bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida ilg‘or pedagogik yondashuvlar o‘quv jarayoniga tatbiq etildi. Mashg‘ulotlar malakali professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda turdosh oliy ta’lim muassasalarining tajribali mutaxassislari tomonidan olib borildi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlarida malakaviy amaliyotlar tashkil qilindi. O‘quv yili yakunida ular davlat attestatsiyasi imtihonlarini topshirdi. Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ham so‘zga chiqib, ona vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad qilgan bitiruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Bitiruvchilardan Shohruh Ro‘zmatov, Shahnoza Shukurova ta’lim bergan ustozlari mehnatini e’tirof etgan holda zimmalaridagi mas’uliyatni munosib oqlashga va’da berdi.
N. Abduraimova, O‘zA