Osmonga bo‘y cho‘zayotgan nihollar
Maktabni bog‘ga, o‘quvchilarni osmonga bo‘y cho‘zayotgan nihollarga qiyoslash mumkin. Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama puxta ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlar o‘g‘il-qizlarning mustaqil va sog‘lom dunyoqarashga ega, intellektual salohiyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
Maktabni bog‘ga, o‘quvchilarni osmonga bo‘y cho‘zayotgan nihollarga qiyoslash mumkin. Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama puxta ta’lim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlar o‘g‘il-qizlarning mustaqil va sog‘lom dunyoqarashga ega, intellektual salohiyatli insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarga jahon andozalari darajasida bilim berish, yuksak salohiyatli, boy dunyoqarashga ega barkamol avlodni tarbiyalash asosiy vazifa etib belgilandi. Barcha ta’lim maskanlari, xususan, umumta’lim maktablari zamonaviy o‘quv vositalari va jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 235-umumta’lim maktabida o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib ulg‘ayayotgan ikki ming nafarga yaqin o‘g‘il-qiz ana shunday jahon andozalariga mos sharoitlarda ta’lim olmoqda.
– Bugungi davr mutaxassislardan o‘z ustida muttasil izlanishni taqozo etmoqda, – deydi maktab direktori,“Yil direktori – 2013” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Mo‘mina Sulaymanova. – Zero, hozirgi yoshlar har tomonlama bilimga chanqoq. Shu bois pedagoglarimiz yangi innovatsion texnologiyalar, adabiyotlar bilan tanishib, doimo malakasini oshirib borishga harakat qiladi.
Ta’lim maskanida zamonaviy jihozlangan sport majmuasi, kutubxona, oshxona, tibbiyot xonalari, sinfxonalar o‘g‘il-qizlarning mustahkam bilimga ega bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Dars jarayoniga joriy etiladigan ingliz tilidagi videodasturlar, rang-barang rasmlar, qo‘shiq va she’rlar bolalarga tushunarli va qiziqarli bo‘lmoqda.
Maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash ishlari ham muntazam olib borilayotir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xonasida ushbu soha sirlari o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan tarzda o‘tilmoqda. Bu yerda internetdan foydalanish, “ZiyoNET” tarmog‘i orqali kerakli ma’lumotlarni olish uchun barcha sharoit mavjud.
Yigirma sakkiz mingdan ziyod o‘quv-uslubiy adabiyotlar jamg‘armasiga ega kutubxonadagi kitoblar bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, bilimini mustahkamlashga ko‘maklashayotir. Buni o‘quvchilarning turli loyihalar va olimpiadalarda munosib o‘rin egallayotganidan ham bilish mumkin.
...Tanaffus payti bir-biriga ingliz tilida murojaat etib, nimalarnidir so‘zlashga harakat qilayotgan o‘quvchilarning suhbati e’tiborimizni tortdi. Darsga qo‘ng‘iroq chalingach, ular sinfxonaga kirishdan oldin salom berib, o‘qituvchidan izn so‘radi: “Good Morning! May I come in!”
– Menga ingliz tilini o‘rganish juda yoqadi, – deydi 4-sinf o‘quvchisi Sabina Qo‘chqoraliyeva. – Darsda o‘yinlar orqali ko‘plab so‘zlarni o‘rganamiz, voqealarni gapirib beramiz. Yaqinda ingliz tilida bo‘lib o‘tgan «Yosh bilimdonlar» ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida g‘olib bo‘ldim. Katta bo‘lsam o‘qituvchi bo‘lishni xohlayman.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur maktabda ham ingliz tilini o‘rganish birinchi sinfdan o‘yin tarzida va og‘zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirish dasturi asosida bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Joriy yil yakunlariga ko‘ra 1-sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish darajasi, ularning qiziqishi ancha o‘sgan. Ular belgilangan muddatdan oldin so‘zlarni o‘zlashtirib olgan.
Ta’lim maskanida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, barcha fanlar chuqurlashtirilgan holda o‘tiladi. Shu bois o‘quvchilarning turli yo‘nalishda erishayotgan yutuqlari salmog‘i ortmoqda. Jumladan, 8-sinf o‘quvchisi Hilola Abduhakimova “Kamolot” shaxmat taxtasi” musobaqasining mamlakat, 9-sinf o‘quvchisi Nigora Shomaqsudova o‘smir qizlar o‘rtasida sinxron suzish bo‘yicha, 6-sinf o‘quvchisi Maftuna Qodirova ona tili va adabiyoti fanidan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning shahar bosqichida birinchi o‘rinni egalladi.
Maktabda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini kuchaytirish, ongu qalbini turli yot g‘oyalardan himoyalash ham doimiy e’tiborda. Shu bois muntazam tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.
...Hademay so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, o‘quvchilar yana bir o‘quv yili bilan xayrlashadi. Oromgohlar o‘g‘il-qizlarga o‘z bag‘rini ochadi. 235-umumta’lim maktabida ham bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazish maqsadida turli to‘garaklar tashkil etilgan. Bu yoz mavsumida o‘quvchilarning bilimini yanada mustahkamlab, kelgusi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga zamin yaratadi.