Osiyoning umidli bokschilari Toshkentda jam bo‘ldi
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan Yakkakurashlar arenasida boks bo‘yicha kichik o‘smirlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari start oldi va 16-may kuniga qadar davom etadi.
Mazkur musobaqada qit’amizning turli mamlakatlaridan kelgan U15 yosh toifasidagi 183 nafar charm qo‘lqop ustalari qatnashayotgan bo‘lsa, U17 yoshdagi bokschilar bahsida 340 nafar sportchi chempionlik uchun ringga ko‘tarilmoqda.
Bugun chempionatning 17 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi janglarida ikki nafar sportchimiz bahslarga kirishadi. Dastlab, vazni -52 kg. bo‘lgan Marjona Xudayberdiyeva mo‘g‘ulistonlik Anujin Munkxtur bilan kuch sinashsa, -48 kg. vaznda Kamronbek Bahodirov filippinlik Raimer Soledadni sinovdan o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA