Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
Navoiy shahrida Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, nufuzli musobaqada yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilar orasida viloyatimiz vakillarining ham borligini alohida ta’kidladi.
XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida Navoiy viloyatidan 10 nafar sportchi ishtirok etib, ularning 4 nafari g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Jumladan, kurash sport turi bo‘yicha Umid Esanov Osiyo o‘yinlarining g‘olibiga aylangan bo‘lsa, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turi bo‘yicha jamoaviy bahslarda Shahrizoda Mavlonova, shuningdek, futbol bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Milliy terma jamoasi safida to‘p surgan 2 nafar futbolchimiz Sherzod Esanov hamda Jasur Jaloliddinov 3-o‘rinni egallab, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bugun ushbu sportchilarning mehnati munosib e’tirof etilib, ular keng jamoatchilik vakillari ishtirokida rag‘batlantirildi. Xususan, Osiyo o‘yinlari chempioni Umid Esanovga 100 million so‘m va ikki xonali uyning kaliti, Shahrizoda Mavlonova, Sherzod Esanov, Jasur Jaloliddinov va ularning murabbiylari Mamadali Norov, Ravshan Ibragimov, Sohib Shavkatov hamda Asror Pirnazarovga pul mukofotlari topshirildi.
[gallery-14094]
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari