Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlar
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 9 oltin, 14 kumush va 21 bronza medalni qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, qit’a miqyosida o‘tkaziladigan har to‘rtyillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishmoqda.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida tashkil etilgan bu galgi musobaqada 228 nafar hamyurtimiz 32 sport turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
O‘zbekiston sportchilarining qit’amizning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘ldi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha qulay shart-sharoit yaratilgan.
Osiyo o‘yinlarida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini himoya qiladigan sportchilarimizning imkoniyati va salohiyati sinovdan o‘tkazildi. Incheonda qayd etilgan natijalar o‘zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar sportchilarni Olimpiadaga tayyorlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganini ko‘rsatdi. Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan medallarning aksariyati Olimpiada dasturidagi sport turlari bo‘yicha ekani fikrimiz dalilidir.
– Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimizga havasim keldi, – deydi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchisi Sardor Hikmatillayev. – Ularning muvaffaqiyati biz, yoshlarning o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlab, yangi-yangi marralar sari ilhomlantirdi. Kelajakda men ham ularga o‘xshab xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini himoya qilishga qodir yetuk sportchi bo‘lib yetishishga harakat qilaman.
Incheonda erishilgan natijalar asnosida mamlakatimizda xotin-qizlar o‘rtasida sport tobora ommalashib borayotgani, sportning qizlarga mos turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yuksak samara berayotgani namoyon bo‘ldi. Badiiy gimnastikachilarimiz – Jamila Rahmatova, Ravilya Farxutdinova, Valeriya Davidova va Anastasiya Serdyukova Osiyo o‘yinlarining jamoaviy bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgani buning isbotidir.
– Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi yengil atletikachi Svetlana Radzivil. – Biz minglab sport muxlislari, xalqimizning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashini his qilgan holda bellashuvlarga kirishdik. Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Ha, sportchilarimiz Incheondagi Osiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek sportining yorqin kelajagini ta’minlashga qodir sportchilar tarbiyalanayotgani, ularni kelgusida yanada yuksak g‘alabalar kutib turganidan dalolatdir.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.