Osiyo chempionatining 3-tur bahlari boshlandi
Bugun Xitoyda davom etayotgan futbol bo‘yicha U20 yosh toifasidagi Osiyo kubogining guruh bosqichi 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur turga qadar O‘zbekiston, Xitoy, Eron, Janubiy Koreya va Avstraliya terma jamoalari o‘z guruhlarida chorak final yo‘llanmasini hal qilgan bo‘lsa-da, guruh peshqadamligi uchun o‘yin o‘tkazishadi.
Demak, 3-tur doirasida “A” guruhida bir xil 6 ochko to‘plagan Avstraliya va Xitoy termalari o‘zaro to‘qnashadi. Shuningdek, bu guruhda Qirg‘iziston – Qatar terma jamoalari shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘yin o‘tkazadi.

“B” guruhidagi bahslar esa 19 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Iroq – Iordaniya, Saudiya Arabistoni – KXDR o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz. Qizig‘i bu guruhda barcha jamoalarda chorak finalga chiqish imkoniyati mavjud. Eslatib o‘tamiz, 2-tur yakuniga ko‘ra, ushbu to‘rtliklar orasida Iroq termasi 4 ochko bilan birinchi pog‘onada bormoqda. Saudiya Arabistoni va Iordaniya termalari hisobida esa 3 ochko bor bo‘lsa, KXDR bir ochko bilan so‘nggi o‘rinda qoldi.

Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan “S” guruhida O‘zbekiston U20 terma jamoasi 3-turda Eron bilan guruh peshqadamligi uchun raqobatlashadi. Ushbu jamoalar hozirda ikki g‘alaba evaziga 6 ochko bilan 1-2 o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘yin esa Indoneziya va Yaman jamoalari o‘rtasida kechadi.
“D” guruhining ikkinchi tur uchrashuvlarida Suriya 2:2 hisobida Yaponiya bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, Janubiy Koreya 4:1 hisobida Tailandni taslim qildi.

Natijada Janubiy Koreya 6 ochko bilan yaqqol peshqadamga aylanib oldi. Yaponiya esa 4 ochko bilan ikkinchi, Suriya esa 1 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. Tailand termasi esa hamon ochkosiz qolmoqda. Mazkur guruhdagi so‘nggi turda Janubiy Koreya – Yaponiya, Suriya – Tailand jamoalari kuch sinashadi. Mazkur uchrashuvda Yaponiya imkoniyatni boy berib qo‘ysa, Suriya yirik hisobda zafar qucha olsa, navbatdagi bosqichga chiqadi. Qolgan barcha natijalar esa Yaponiya foydasiga ishlaydi.

Darvoqe, chorak finalda “A” va “B”, “C” hamda “D” guruhlarida 1-2 o‘rinni egallagan terma jamoalar o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu bahslar 22-23 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA