Osiyo armrestling ustalari Samarqandda bellashmoqda
FOTOREPORTAJ
Samarqand shahri sportning armrestling turi bo‘yicha XX Osiyo chempionatiga mezbonlik qilmoqda.
Musobaqada yurtimiz sportchilari bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq, Filippin, Koreya Respublikasi, Yaponiyadan kelgan sakkiz yuz nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ochilish marosimida Samarqand viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev, Osiyo armrestling federatsiyasi prezidenti Jeenbek Muhambetov, O‘zbekiston armrestling federatsiyasi prezidenti Avazbek Asadovlar so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.
[gallery-6836]
- Armrestling sport turi nomi zamonaviy bo‘lsa-da, qadimdan mavjud bo‘lgan sport turi, - deydi Osiyo armrestling federatsiyasi prezidenti Jeenbek Muhambetov. – Ushbu qadimiy sport turi bo‘yicha Osiyo chempionati ko‘hna Samarqandda o‘tkazilayotganidan barcha ishtirokchilar mamnun. Bu muqaddas tuproqda ne-ne buyuk zotlar o‘tgan. Ularning ruhi quvvati bilan musobaqada ishtirok etayotgan sportchilar ham yuqori natijalarga erishadi, albatta. Qit’amizda armrestling rivojlanib bormoqda. Dunyo miqyosida ham qit’amiz vakili Qozog‘iston terma jamoasi birinchi o‘rinda turganligi so‘zimizni isbotlaydi. O‘zbekiston ham dunyo reytingida kuchli o‘nlikka kirgan. Mamlakatda sportga qaratilayotgan e’tiborni yaratilgan sharoitlarda ko‘rib guvohi bo‘layapmiz. O‘ylaymanki, bundan sharoitlar, albatta, o‘z samarasini berib, yurtingiz yaqin yillarda bundanda yuqori o‘rinlarga ko‘tariladi.
Musobaqa reglamentiga muvofiq, ishtirokchilar belgilangan vazn toifalarida o‘zaro bahslashadi. E’tiborlisi, mazkur chempionatda o‘smirlar, yoshlar, kattalar, professional sportchilar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan sportchilar toifalar bo‘yicha bahslashmoqda. Musobaqa 30 aprelgacha davom etadi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA