Orxusda Rishton naqshlari jilolandi
Daniyaning Orxus shahrida Rishton kulolchiligi va o‘zbek milliy hunarmandchiligiga bag‘ishlangan ijodiy mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchilar chinni likopcha va finjonlarni Rishton kulolchiligiga xos naqshlardan ilhomlanib, o‘z qo‘llari bilan bezadi. Bu jarayon oddiy rasm chizishdan ancha qiziqarli kechdi. Har bir naqsh ortidagi ma’no, Rishton kulolchiligining tarixi va o‘zbek milliy hunarmandchiligi haqida suhbatlar olib borildi. Natijada ishtirokchilar nafaqat yangiliklardan boxabar bo‘ldi, balki o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishdi.

Milliy hunarmandchilik namunalari Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan taqdim qilindi. Bu gal tadbirlar Orxusda har yili o‘tkaziladigan mashhur “Aarhus Festuge” madaniyat festivali doirasida tashkil etildi. Master-klasslar va taqdimotlar orqali ishtirokchilar Rishton kulolchiligi, o‘zbek amaliy san’ati, milliy naqshlar hamda Farg‘ona vodiysining qadimiy hunarmandchilik markazlari haqida ma’lumot oldi.

Bunday tashabbuslar milliy merosimizni Yevropada keng targ‘ib qilish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva, O‘zA