Ortiqcha undirilgan pul qaytarildi
Mamlakatimizda tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Xususan, Biznes ombudsman bu borada samarali faoliyatni amalga oshirmoqda.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmandan Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi rahbari noto‘g‘ri hisoblangan yer soliqlari tufayli ortiqcha undirilgan pul mablag‘ini qaytarishda yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, "Diyor servis" (nomi o‘zgartirilgan) fermer xo‘jaligining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan omborxona binosiga qishloq xo‘jaligi toifasiga kiruvchi binolar uchun belgilangan soliq hisoblanishi lozim bo‘lgan.
Lekin G‘allaorol tuman soliq inspeksiyasi tomonidan ushbu bino noturar bino deb qabul qilinib, yer solig‘i noto‘g‘ri hisoblangan. Oqibatda xo‘jalik hisob raqamidan ortiqcha 24,4 million so‘m pul mablag‘i yechib olingan.
Vakil devoni xodimlarining aralashuvi bilan ortiqcha hisoblangan pul mablag‘i fermer xo‘jaligi hisob raqamiga qaytarildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA