“Ortda qolayotgan yil, sendan roziman”
Bir yil. O‘n ikki oy. Bir qaragandi uncha katta bo‘lmagan davr. Vaqtni qadriga yetgan inson uchun bir soniya ham qadrli. Undan foydalanib, nimadir iz qoldirgisi keladi. O‘zA muxbiri ijod ahli, badiiy so‘z maydonida hormay, javlon urib, ijod qilib kelayotgan ijodkorlar bilan suhbatlashdi. Ularning o‘tgan bir yil mobaynida nimalar bilan band bo‘lgani bilan qiziqdi. Fan va ta’lim, adabiyot, ma’rifat sohalariga e’tibor har qachongidan ham kuchaygan bir davrda ularning bu boradagi fikrlarini yozib oldi.
Qo‘chqor Norqobil, dramaturg, shoir:
–Siz aytgan sohalar, jumladan, adabiyotga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Yaxshi asarlar yozgan, yozayotgan ijodkorlar, eng avvalo o‘quvchilar tomonidan e’tirof etilyapti. O‘qiydigan odam o‘qirkan, Xudoga shukur deyman, adabiyotning, aniqrog‘i yaxshi asarning qadri ham yuki ham yerda qolmaskan. Demak, adabiyot o‘lmaydi. Birgina o‘quvchi o‘qisa ham yozuvchi yoki shoir o‘zini yolg‘iz sezmaydi, yaxshi ijod o‘z egasini topadi. O‘sha birgina inson qalbida hissiyot olovini yoqsangiz ham, o‘sha bir nafargina o‘quvchi sizning yozganlaringizni qalb ko‘zi bilan o‘qisa, siz baxtlisiz. Poytaxtimizdagi ziyoratgoh — Adiblar xiyoboniga tez-tez borib turaman; charchasam, yo biror narsadan toliqsam, shu joyga kelaman. Biroz aylangach, xayolimdan o‘tgan turfa yorug‘ fikrlardan o‘zimda kuch sezaman. Ishoning, yorug‘ bir maskanga mehmonga kelganday bo‘laman.
Ustozlarning huzurida (bu haykallar ularning qalbiga qo‘yilgan, haykallar qalb uchun qo‘yiladi, deb o‘ylayman) o‘zimga o‘zim: sen nimalar bilan chalg‘ib, vaqtingni o‘tkazib yuribsan deganday bo‘laman. Ustozlarimning har biri o‘z o‘quvchisining qalbida o‘zlarining mangu-barhayotlik haykalini qo‘yishgan. Ana shu millionlab qalblardagi haykallarning ramzi esa shu maydonga, adiblar xiyoboniga ham ko‘chirganini his qilaman. Davlatning bu ezgu ishidan xursand bo‘laman. Yubleylar bo‘lyapti, ulug‘ adib va shoirlarimiz yodga olinyapti. Axir ularga ko‘rsatilayotgan ehtirom bevosita har bir qalam ahli, chin ma’nodagi, yaxshi yozadigan ijodkorning ham qadrini ko‘taradiku. Men shunday o‘ylayman. Menimcha, chin yozuvchi yoki chin shoir e’tirof va e’tibortalab, izzatxo‘r bo‘lmaydi. U o‘zining ijodi bilan band bo‘ladi. Adabiyotga berilayotgan e’tiborni iste’dodlilar his qiladi menimcha. Yaxshi yozolmaydiganlar hamma zamonlarda ham tutab, ming‘ir-sing‘ir qilib yuraveradi.
Yaxshi ishlar qildim deb o‘ylayman. To‘rtta drama yozdim, ko‘p hikoyalarim dunyoga keldi, yaxshi ishladim, Xudoga shukur, qator-qator kitoblarim chiqdi, chiqayapti. Xorijiy davlatlarda ham asarlarim bosildi. Yaqin kunlarda qardosh Ozarbayjonning nufuzli teatrida komediyam quyiladi, premera bo‘ladi. O‘zbekistonimizda ham bir necha teatrlarda asarlarim sahnalashtirildi. Rossiyada ikkita kitobim chiqdi. Yana biri nashr arafasida. O‘tayotgan yilda omadim baland bo‘ldi. Xudo xohlasa, tez kunlarda yana bir yaxshi xabar kelishi kerak. Rossiyadan. Undan albatta, birinchi bo‘lib O‘zA xabar topadi.
Fozil Farhod, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi:

–Chindan, bu sohalarga e’tibor har qachongidan ham kuchaygan. Men ushbu o‘zgarishlar shabadasini o‘zim va zamondoshlarim hayotida ko‘rayapman. Masalan, kelajak avlodni kitobga, adabiyotga yaqinlashtirish maqsadida prezident qarori bilan maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi shtatlari tashkil etildi. Yozuvchi-shoirlar, oliy ta’lim maskanlarining professor-o‘qituvchilari, jurnalistlar, ijodga qiziquvchi kishilar armiyasi bugun har bir maskanga kirib bordi. Ular o‘quvchilar qalbida adabiyot — ezgulik chirog‘ini yoqmoqda. O‘zim ham ayni paytda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida ushbu vazifada ishlayapman. Yozuvchi-shoir va o‘quvchilar o‘rtasida ko‘prik tikladik. O‘quvchilar bilan o‘quv yurtining gazetasi va jurnalini tayyorlayapmiz. Ularga maqola yozishni, she’rni qanday o‘qish kerakligini o‘rgatyapman. Ijodkor o‘quvchilarim bilan ishlash men uchun judayam maroqli. Garchi maktab aniq fanlarga ixtisoslashgan bo‘lsada, o‘quvchilar adabiyot va madaniyatni yaxshi ko‘rib ulg‘ayyapti.
To‘g‘ri, bu ishlar bugun samara bermasligi mumkin. Ammo yillar o‘tadi targ‘ibotchiligingiz totli mevalarini bera boshlaydi. O‘shanda bu yurtda adabiyotni qadrlovchi insonlar soni keskin ortadi.
Endi adabiyot sohasidagi islohotlarga keladigan bo‘lsak, bugun ijod yanada erkinlashdi. Ijod qilgan kishi, albatta, mevasiniyam totyapti. Yozuvchi-shoirlarning nafaqat ijod qilishiga, balki shaxsiy hayotidagi muammolargacha e’tiborda. Masalan, birgina O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun Kamolon darvoza mahallasida qurilgan ko‘p qavatli uylarda bugun 100 dan ortiq yozuvchi-shoir, adabiyotshunoslar oilasi bilan yashayapti.
O‘zim ham 2020 yilning avgust oyida oilam bilan o‘sha yerdagi uch xonali uyga ko‘chib keldim. Imtiyozli ipoteka krediti asosida 20 yil muddatga berilgan kvartiraning boshlang‘ich to‘lovi uchun 35 million 500 ming so‘m to‘ladik. Qolganini 1 million 200 ming so‘mdan to‘lab boryapmiz. Bu imkoniyat yosh ijodkor oila uchun ayni qo‘l keldi. Bu yerda ijod qilyapmiz. Umid qilamanki, eng yaxshi asarlarim shu uyda yoziladi, Xudo xohlasa.
2021 yil ish borasida barakali yil bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatida jurnalistlar uchun press-turlar, matbuot anjumanlari, brifinglar tashkil etdik. Ularni Abdulla Qodiriy, Oybek uy muzeylariga, Zomin seminariga olib bordik. Albatta, ulgurmay qolgan ishlarimiz ham bor. Masalan, Abdulla Qahhor va G‘afur G‘ulom uy-muzeyiga rejalashtirgan press-turlarimiz qolib ketdi. Nasib, bu niyatimizni 2022 yilga rejamizga kiritib qo‘ydik.
Tayanch doktoranturaga hujjat topshirgan edim. Ammo nasiba emas ekan, o‘qishga kira olmadim. Endi mustaqil tadqiqotchilikka hujjat topshirishni niyat qildim.
Ammo oliy ta’limda o‘qituvchi sifatida ishlash niyatim bor edi. Shu rejam amalga oshdi. Ayni paytda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistrlariga “Muharrirlik mahorati” fanidan, 3-kurs bakalavr yo‘nalishi talabalariga “Tahrir mahorati” fanidan dars beryapman. Ular bilan asosan fikrdoshmiz. O‘zimda borini ularga o‘rgataman, bilmaganimni ulardan o‘rganaman.
Mansur Jumayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir:

–Taraqqiyotning beshigi — maktab, ta’lim. Ta’limga e’tibor kuchayayotgani sezilmoqda. Bu kelajakda o‘z hosilini beradi, degan umiddaman. Shuningdek, kitobxonlik madaniyati shakllanib bormoqda. Kitobxonlar ko‘paymoqda. Biror yutuqnimi, avtomobilnimi ko‘zlab bo‘lsa ham o‘qiyotganlar bor. Muhimi, kitob o‘qilyapti. Jamiyatimiz tanlab, saralab o‘qish bosqichiga o‘tmoqda, nazarimda. Yaxshi yangilanishlar shundan boshlansa, ajabmas.
Bu jarayonda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ham imkon qadar ulush qo‘shib kelayotir. Ayniqsa, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi xalqaro miqyosda, yuksak saviyada nishonlangani, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy xotira kechasining milliy adabiyotimiz bayrami darajasida tashkil etilganini alohida qayd etish lozim. Har bir tantanali kechada tavalludi nishonlanayotgan ijodkorga oid kitoblar to‘plami tadbirga kelgan har bir mehmonga sovg‘a qilingani e’tirofga loyiq ish. Ma’rifat ulashishga o‘z hissasini qo‘shayotgan har bir inson minnatdorlik bildirishga arziydi.
Yoshlarning, ayniqsa, qizlarning ta’lim olishga, o‘qib-izlanishga qiziqishlari tobora kuchayib borayotgani quvonarli. Bugun ilmga tashna bo‘lgan, bilim olayotgan, saviyasini oshirayotgan, dunyoqarashini kengaytirishga bel bog‘lagan qizlar ertaga zukko, bilimdon, aqlli, madaniyatli, zehni o‘tkir, til biladigan, ziyoli ONAga aylanadilar; bunday onaning tarbiyasini olgan o‘g‘il-qizlar qanday dilbar shaxslar bo‘lib yetishishini tasavvur qilavering!
Zamonaviy, ilg‘or, musaffo ta’lim tizimisiz bir qadam olg‘a bosib bo‘lmaydi. Bu kunday ravshan. Shunday ekan, bugun ta’limga berilayotgan har qancha e’tibor bizni quvontiradi. Biroq bu tizimga qancha e’tibor qaratilsa, shuncha oz, deb bilaman. Ta’limning sifat darajasini oshirish oldimizda turgan eng muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Ortda qolayotgan yil — nafaqat xotiramda, balki tarixda qolayotgan yil, desam, mubolag‘aga yo‘ymang. Ilk kitobim chop etilgan 2017 yil hayotimdagi qanday ahamiyatli sana bo‘lgan bo‘lsa, o‘tib borayotgan 2021 yil ham shunday esda qolarli va qadrli bo‘ldi: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Nazm bo‘stoni” seriyasida “Hayrat qo‘shiqlari” nomli kitobim chop etildi. Bu men uchun ham, ozmi-ko‘pmi ijodimga qiziqadigan she’riyat ixlosmandlari uchun ham ajoyib sovg‘a bo‘ldi.
Eng quvonarlisi, bu yil shaxsiy hayotimda ulkan voqea bo‘ldi: farzandli bo‘ldim.
Xullas, biryo‘la ikki bolam dunyo yuzini ko‘rdi: biri — qizalog‘im, biri — kitobim. Ijodiy nuqtai nazardan oldimga qo‘ygan rejalarimning hammasi amalga oshdi, deb aytolmayman. Chunki yozmoqchi bo‘lganlarim juda ko‘p edi. Kelgusi yilga o‘z zimmamga yuklagan ulkan maqsadlar, vazifalar bilan boryapman.
O‘zA muxbiri
Dilobar Mamatova
yozib oldi.