Oromgohlar yangi mavsumga tayyor
Yoz — bolalar uchun shunchaki ta’til emas. Bu davr ularning jismoniy sog‘lomlashishi, ma’naviy kamoloti, yangi do‘stlar orttirishi, iqtidor va qiziqishlarini namoyon etishi uchun muhim bosqich hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda bolalarning yozgi dam olishini mazmunli tashkil etish, xavfsizligini ta’minlash hamda sog‘lom muhit yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Bugun yurtimizning turli hududlarida joylashgan bolalar oromgohlarida qizg‘in tayyorgarlik ishlari yakunlanib, yozgi mavsumga start berilmoqda. Ayniqsa, tog‘ bag‘ridagi musaffo havo, sersoya daraxtlar va tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohlar yaqin kunlarda yana bolalar kulgisi bilan to‘ladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 2026-yil yozgi mavsumda bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasi majlisi bayoni loyihasi ishlab chiqildi. Unda oromgohlarda xavfsizlik, sanitariya, tibbiy xizmat, ta’lim-tarbiya ishlari hamda madaniy tadbirlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2024-yil 29-maydagi “Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oladigan bolalar qamrovini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-fevraldagi 84-sonli qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sirdaryo viloyatida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 118 ming 524 nafarni tashkil etadi. Joriy yozgi mavsumda ularning 4 ming 250 nafari bolalar oromgohlariga qamrab olinishi rejalashtirilgani sohadagi ishlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi.

Xususan, Sirdaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga qarashli Jizzax viloyati Zomin tumani Qo‘riq qishlog‘ida joylashgan "Zomin" hamda Sirdaryo tumani “Sholikor” mahallasi hududidagi “Sirdaryo” statsionar bolalar oromgohlarida jami 2100 nafar bolaning dam olishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida tashkil etiladigan 23 ta kunduzgi bolalar oromgohida yana 2150 nafar bola qamrab olinadi.

Ayniqsa, Zomin tog‘lari bag‘rida joylashgan “Zomin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi bu yilgi mavsumni yuqori tayyorgarlik bilan qarshi oldi. Tabiatning betakror go‘zalligi quchog‘ida joylashgan ushbu maskan bolalar uchun nafaqat hordiq chiqarish, balki ma’naviy va jismoniy kamolot maktabiga aylanmoqda.
Oromgohda zamonaviy turar-joy binolari, bolalar basseyni, sport maydonlari, kutubxona, 300 o‘rinli yig‘inlar zali, o‘ndan ortiq to‘garaklar hamda interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etilgan. Bu yer bir vaqtning o‘zida 260 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, joriy mavsumda 5 bosqichda 1300 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Bu yerda bolalarning kun tartibi faqat dam olish bilan cheklanmaydi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “5 muhim tashabbus” doirasida ingliz, rus va koreys tillari kurslari, mental arifmetika, tasviriy san’at, milliy va zamonaviy raqs, “Mohir qo‘llar” to‘garagi, kitobxonlik kechalari, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari tashkil etiladi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 12 kunlik maxsus dastur oromgoh hayotini yanada mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda. Har bir kun muayyan mavzularga bag‘ishlangan. Jumladan, “Salom, oromgoh!”, “Bolalar festivali”, “Harbiy vatanparvarlik”, “Milliy qadriyatlar”, “Zakovat”, “Ijod va iste’dod”, “Ona tabiatni asrash”, “Mohir qo‘llar — kasb-hunar”, “Sport va salomatlik”, “Millatlar do‘stligi”, “Turizm va o‘lkashunoslik”, “Sarhisob” kabi mavzular bolalarning dunyoqarashi va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
– Bolalar oromgohda faqat hordiq chiqarmaydi, balki o‘z iqtidorini ham kashf etadi, – deydi oromgoh rahbari Abdulaziz Shavkatov. – “Zakovat”, “Ijod va iste’dod”, “Milliy qadriyatlar” kabi mashg‘ulotlar orqali ularning fikrlash qobiliyati, dunyoqarashi va jamoada ishlash ko‘nikmalari shakllanadi.
Oromgohlarda bolalar xavfsizligi va salomatligiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Kuniga 6 mahal diyetologlar tavsiyasi asosida taomlar tayyorlanadi. Allergiyasi bor bolalar uchun maxsus ovqatlanish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Doimiy tibbiy punkt, tez tibbiy yordam xizmati, yong‘in xavfsizligi guruhlari hamda ichki ishlar xodimlari navbatchiligi tashkil etilgan.
– Oromgohdagi tibbiy sharoitlar bolalarning sog‘lom dam olishi uchun to‘liq moslashtirilgan.Bolalarning har bir kuni tibbiy nazorat ostida tashkil etiladi. Tog‘ havosi, musaffo muhit va sog‘lom ovqatlanish ularning immunitetini mustahkamlaydi, – deydi bolalar shifokori Shuhrat Qilichev.
Sirdaryo tumanida o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan 200 o‘rinli yangi zamonaviy bolalar oromgohi ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. 10 gektar maydonda qurilgan mazkur oromgoh xalqaro standartlar va xavfsizlik talablari asosida bunyod etilgan.
Bu yerda shinam yotoqxonalar, amfiteatr, oshxona, suzish havzasi, futbol, basketbol, voleybol va badminton maydonchalari, “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda turli attraksionlar barpo etilgan. Zamonaviy mebellar bilan jihozlangan xonalar bolalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.
– Bu oromgoh nafaqat bolalarning hordiq chiqarishi, balki ularning intellektual va ijtimoiy salohiyatini oshirish uchun ham muhim ahamiyatga ega, – deydi oromgoh direktori Ulug‘bek To‘raqulov.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodovning ta’kidlashicha, bolalar manfaati hamisha eng ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.
– Bunday zamonaviy oromgohlar farzandlarimizning sog‘lom, bilimli va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerdagi shart-sharoitlar rivojlangan davlatlar darajasiga mos, – deydi u.
Mutaxassislarning fikricha, oromgoh faqat chiroyli binolar yoki zamonaviy jihozlar bilan emas, balki xavfsiz muhit, malakali pedagoglar, tibbiy xizmat va mazmunli dasturlar bilan haqiqiy tarbiya maskaniga aylanadi.
Xususan, pedagog kadrlarni saralash tizimi ham yangi asosda tashkil etildi. “oromgohlar.uz” elektron platformasi orqali bu yil yozgi oromgohda bolalarga ta’lim-tarbiya beruvchi pedagoglar ro‘yxati shakllantirildi. Ular uchun maxsus o‘quv-seminarlar tashkil qilinib, bolalar psixologiyasi, xavfsizlik qoidalari va interaktiv mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berilmoqda.
Chunki bolalarning mazmunli dam olishi — bu shunchaki ta’til emas. Bu — kelajakka qaratilgan sarmoya, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi uchun yaratilgan muhim imkoniyatdir. Yozgi oromgoh esa, bolalikning eng yorqin, eng samimiy va eng baxtli faslidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri