Orolbo‘yida yirik anjuman o‘tkaziladi
Joriy yilning 29–30 sentyabr kunlari Mo‘ynoq tumani va Nukus shahrida Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” xalqaro rassomlar va ijodkorlar festivali, “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivali o‘tkaziladi.
– Davlatimiz rahbarining joriy yil 23–24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va 25 fevral kuni o‘tkazilgan majlis bayoniga muvofiq turkiy avliyo deya ta’riflanuvchi, afsonaviy so‘fiy shayx, she’riyatning yirik namoyandalaridan biri bo‘lgan Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya, shuningdek Mo‘ynoq tumaniga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ayniqsa ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” xalqaro rassomlar va ijodkorlar festivali, “Orol baliqlaridan 99 xil taom” gastronomik festivalini o‘tkazishni tashkil qilish vazifasi belgilangan edi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining bosh mutaxassisi Ikrambek Ruzimbayev. – Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoni tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan rejaga muvofiq, 29 sentyabr kuni Mo‘ynoq tumani markazida baliq taomlaridan musobaqalar, mahorat darslari, rassomlar va hunarmandlar ko‘rgazmalari, davra-suhbatlari, Sulaymon Boqirg‘oniy maqbarasi atrofida olib borilayotgan arxeologik tadqiqot ishlari bilan tanishish, ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylarga tashriflarni tashkil qilish, 30 sentyabr kuni esa Nukus shahrida konferensiyaning ochilish marosimi va anjuman seksiyalarga bo‘lingan holda davom ettirilishi rejalashtirilgan.
Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Turkiya davlatlaridan olimlar, professor-o‘qituvchilar va boshqa ilm vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA