Orolbo‘yida sholichilik: muammo va yechimlar
Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi «Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda sholi yetishtirish, saqlash, qayta ishlashning uzluksiz va samarali tizimini takomillashtirish, ichki iste’mol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni mavzu yuzasidan Don va sholi ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi direktori, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Duysenboy UTAMBETOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Qarorda ta’kidlanganidek, bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi, aholi o‘sishi va boshqa inson ta’siri bilan bog‘liq omillar suvni ko‘p iste’mol qiladigan ekinlarni yetishtirishga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda, – deydi Duysenboy Utambetov. – Orolbo‘yi sharoitida keyingi global iqlim o‘zgarishi tufayli davriy ravishda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining ko‘pchilik qismi yaroqsiz holatga kelganligidan muxandislik tipdagi sholichilikka moslashtiririlgan 123 ming gektardan oshiqroq yerning meliorativ holati yomonlashib foydalanishdan chiqib qolmoqda.
Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston xududida irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va yerlarni kapital ta’mirlash ishlarini bajarish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali foydalanishdan chiqib qolgan yerlarni bosqichma-bosqich ishlab chiqarishga qayta kiritish chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Seleksiya ilmining uslublaridan, yutuqlaridan samarali foydalanib, yangi serhosil, tezpishar va o‘ta tezpishar, suvni nisbatan kam sarflaydigan hududning noqulay sharoitiga bardoshli navlarni yaratish, ularning navdorlik va hosildorlik xususiyatlarini saqlagan holda jadal ko‘paytirish uchun birlamchi urug‘chilikni tashkil etish zarur. Bunda urug‘lik materiallarini o‘rib olish, tozalash va saqlash ishlarini zamonaviy texnik uskunalar, laboratoriya anjomlari bilan ta’minlash kerak bo‘ladi.
Orolbo‘yi sharoitida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini tahlil qilib ko‘rganimizda, eng hosildorlisi sholi hisoblanadi. Uni gektariga 80-100 sentnerga yetkazish imkoniyati bor. Sholi suvni ko‘p talab qiladigan ekin bo‘lganligi sabab hududning sho‘rlangan tuproqlarida ham ekishga yaroqli. Uzoq yillar davomida sholi ekish uchun o‘zlashtirilgan muhandislik tipdagi yerlarda kapital ta’mirlash ishlari o‘tkazilmasdan oqilona foydalanilmaganlik oqibatida yerlar notekis holatga kelib, tuproqning tabiiy unumdorligi va undan olinadigan sholi hosildorligi pasayib ketmoqda.
Sholichilikda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishda innovatsion va resurs tejamkor texnologiyalar qo‘llanib, eksportbop, jahon bozorida xaridorgir guruch mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dolzarb muammolar va ularning yechimi bo‘yicha o‘z taklifimni bildirmoqchiman.
Hududda nihoyatda tanqis bo‘lgan suvni tejash uchun sholichilikka ixtisoslashgan klasterlar va fermer xo‘jaliklari yerlarini lazer yordamida ± 5 santimetr standart normaga keltirib tekislash, uning konfiguratsiyasini to‘g‘rilab, ichki ariq va kollektor drenajlar tarmog‘ini o‘rnatib, suvni o‘lchab berishni tashkil qilish kerak. Shuningdek, kasallik infeksiyalari va zararli hashoratlarni yo‘q qilish maqsadida dala madaniyatini saqlab, begona o‘tlardan (qamish, urug‘, qizilmiya va yantoq) tozalanib, sanitar normada ushlab turishni ta’minlash zarur. Chunki ariq, zovur va chellarda o‘sayotgan begona o‘tlar hashoratlarning “boshpanasi”ga aylanib bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini muhofaza qilish va samarali foydalanish maqsadida katta va kichik kanallarni eniga qisqartirib, suv oqish tezligini oshirish uchun ularni bosqichma-bosqich betonlab chiqish lozim bo‘ladi. Sholi yerlarining tuproq unumdorligini oshirish, suvni tejab samarali foydalanish orqali mamlakatimizda oziq-ovqat ta’minotining barqarorligiga erishish uchun, yangi serhosil (uzun guruchli) tezpishar va o‘ta tezpishar navlarni yaratish va ularning birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yib zudlik bilan ko‘paytirish orqali ularning ustunligidan samarali foydalanish mumkin. Orolbo‘yi sharoitida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun yirik hajmda mablag‘ talab etiladi. Shuning uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni davlat va xususiy sheriklik shartnomalari asosida jalb qilgan holda ulardan oqilona foydalanish zarur.
O‘zbekistonda sholichilikni rivojlantirish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturining qabul qilinishi, urug‘, mineral o‘g‘it, suv va boshqa resurslarni tejaydigan texnologiyalarning keng joriy etilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali va Vetnam agrar universiteti bilan birgalikda sholichilik yo‘nalishida qo‘shma fakultet tashkil qilinishi sholi yetishtirishda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishga, aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsuloti bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Dovud Abibullayev yozib oldi