Orolbo‘yi: sarhisob va rejalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida Adliya vazirligi, Hisob palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda Taraqqiyot strategiyasi hamda Davlat dasturini sifatli va o‘z vaqtida bajarishini tizimli monitoring etish vazifalari belgilangan.
Shu bilan birga, farmonda Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhlarini tashkil etish va tizimli turda jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazib borish amaliyotini joriy etish belgilangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida o‘tkazilgan majlisda tegishli vazifalar ijrosini ta’minlashda ko‘maklashuvchi, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhining tarkibi tasdiqlandi.

Majlis bayonnomasi qarori bilan jamoatchilik guruhiga Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasida qabul qilingan 2022 yil uchun tasdiqlangan Davlat dasturi bandlarining ijrosini o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlarini olib borish va natijalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish, shu jumladan, vazirliklar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlariga, shahar va tuman hokimliklariga jamoatchilik guruhi so‘rovnomalari asosida Davlat dasturi bandlarining ijrosi haqidagi ma’lumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etib borish vazifasi yuklatilgan.
Yuqoridagi ko‘rsatilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan 2022 yilgi Davlat dasturining 199-bandi (Umumta’lim maktablari kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarini davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni kiritish) va 211-bandi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf (1-4-sinf) o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etish) bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlarning bajarilishi holatiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi deputatlari, Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlari, vazirlik, mahkama va tashkilotlar rahbarlari, maktab direktorlari, Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi jamoatchilik guruhi a’zolari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-11-sinf o‘quvchilarini ta’lim jarayonlaridan bo‘sh vaqtlarda kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ularga yaqin 4 ta hududdagi 26 ta o‘rta ta’lim muassasasi joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazi, kasb-hunarga o‘qitish markazi va o‘quv maskaniga biriktirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan bepul ovqat mahsulotlarini tarqatish tartibi ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda ushbu tartib asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi 720 ta umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinflaridan jami 139 ming nafardan ortiq o‘quvchiga tayyor ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.
– Maqsad, Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini jamoatchilik nazorati asosida o‘rganish, jamoatchilik eshituvida muhokama qilish va shu orqali yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilishdan iborat, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Tajibay Romanov. – Kelgusida boshqa sohalarda ham jamoatchilik eshituvlar o‘tkazilib, uning yakuni tegishli soha rahbarlari ishtirokida muhokama qilib boriladi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi va qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzisidan fikr bildirdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA