Orolbo‘yi aholisiga yana bir qulaylik
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Salomatlik haftaligi” dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
– Aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida samarali xizmat ko‘rsatish, aholining ehtiyojmand qatlamiga yo‘llanma berish mexanizmini takomillashtirish maqsadida elektron yo‘llanma berish joriy etildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Umidullo Risqiyev.

– Ammo bugungi kunda ushbu tizimda muammolar to‘liq o‘z yechimini topgani yo‘q. Orolbo‘yi aholisi poytaxtga borib jarrohlik amaliyoti uchun oylab navbatga turishi sir emas. Muammoning yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Dastur doirasida bemorlarga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining tibbiyot fanlari doktorlari, tibbiyot fanlari nomzodlaridan tashkil topgan 10 nafar malakali mutaxassis yuz-jag‘ plastik jarrohligi, abdominal xirurgiya, intervension kardiologiya va travmatologiya ortopediya, qon tomir jarrohi, transplantolog, kam invaziv jarrohi yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 479 nafar bemor ro‘yxati mavjud. Ularning 107 nafari yurakda,102 nafari yuz-jag‘dagi nuqsonlar sabab, 127 nafari sun’iy bo‘g‘im (endoprotez) o‘rnatishga va 130 nafari oshqozon ichak kasalligi, 13 nafari buyrakni ko‘chirib o‘tkazishga muhtoj. Ayni paytda bemorlar davolanish uchun Toshkentga borishga va 2023 yilgacha navbatda turishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu bemorlarni navbatidan oldin ehtiyoj bo‘lgan jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish maqsadida malakali mutaxassislar joyiga chiqqan holda mahalliy tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasi darajasida ish boshladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA