Orolbo‘yi aholisiga bayram yarmarkalari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining ichki bozorlarni asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan tizimli ravishda ta’minlash, narx-navolarning barqarorligini saqlash maqsadidagi qarori, shuningdek, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan joylarda savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Nukus shahri va tumanlar markazidagi Dehqon bozorlarida aholiga yanada qo‘laylik yaratish uchun savdo rastalari tayyorlanib, aholiga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari arzon narxlarda sotilmoqda. Birgina Nukus shahrining o‘ziga 252 tonna oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetkazib berildi.
Insonparvarlik va mehr-oqibat bayrami arafasida mamlakatimiz viloyatlari dehqonlari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda. Jumladan, Xo‘jayli dehqon bozorida tashkil etilgan yarmarkada Buxoro viloyati mirishkorlari tomonidan yetishtirilgan 200 tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsuloti aholiga arzon narxlarda sotilmoqda.
Shuningdek, Qonliko‘l tumanida Sirdaryo viloyati dehqonlari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar yarmarkasi tashkil etildi.
[gallery-7879]
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA