O‘rmonlar doimiy e’tibor va himoyaga muhtoj (+video)
Ma’lumki, oxirgi yillarda butun dunyoda iqlim o‘zgarishlari natijasida qurg‘oqchilik darajasining ortib borishi kuzatilmoqda va shu tufayli o‘rmonlarda yong‘inlar kelib chiqishi hamda daraxtlarning kasallanishi va zararkunandalar xavfi yanada oshib bormoqda.
Shu bois, 2025-yilda yong‘inlarning oldini olish maqsadida o‘rmon xo‘jaliklarida 160km.dan ortiq oraliq joylar, o‘t o‘chiruvchi mashinalar harakatlanishi uchun 270 km.dan ziyod maxsus yo‘llar, 190 km.dan ziyod yong‘inga qarshi himoya chiziqlari, qariyb 80 km.da zovurlar hamda 14 ming kubometr maxsus suv havzalari barpo etildi. 10 mingdan ortiq yong‘inga qarshi birlamchi uskunalar shay holatga keltirildi.
Shunday bo‘lsada o‘tgan yili 29 ta joyda o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lib, ularning 16 tasi Bo‘stonliq tumaniga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘pincha tabiat qo‘ynida dam oluvchilarning ehtiyotsizligi tufayli sodir bo‘lmoqda.
Bu yil ham yog‘ingarchilik mo‘l bo‘ldi. Natijada o‘t-o‘lanlar baland o‘sgan. Agar ular quriydigan bo‘lsa yong‘in xavfi ortadi va uni bartaraf etish katta kuch talab etadi. Bu borada profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish va aholi o‘rtasida keng tushuntirishlar olib borish ham eng samarali usul hisoblanadi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod tumanida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda 2025-yilda yong‘in va o‘rmon fondi yerlarida zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha qilingan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan jurnalistlarga ma’lumot berildi.
Tadbirda O‘rmon agentligi mas’ullari, Sirdaryo va Toshkent viloyati o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlandiki, 2025-yilda joylarda daraxtlarda kasallik va zararkunandalarni erta aniqlash maqsadida 100 mingdan ortiq gektarda o‘rganish ishlari olib borilgan. Jumladan, 80 ming gektardan ziyod hududda kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy usullar bilan kurashish ishlari amalga oshirilgan.
O‘rmon xo‘jaliklariga yangi 12ta ekskavator,15ta traktor, 15ta kultivator, 10 ta suv tashuvchi avtomashinalar topshirildi. Shuningdek, yong‘inlarni o‘z vaqtida bartaraf etishda qo‘l keladigan 250 ta motopompa, 200 ta motorli hamda 250 ta mexanik suv purkagich kabi jihozlar berildi. Seminarda o‘rmonzorlarda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashda ko‘proq biopreparatlardan foydalanish tavsiya etildi.
- Bu seminardan ko‘zlangan maqsad mana shu joyga tashrif buyurgan soha mutaxassislari har biri o‘z hududiga borganida o‘rmon yong‘inlari va kasalliklarga qarshi kurashda nima ish qilish kerak? Qanday tartibda ishlash kerak? Yoki bo‘lmasa zararkunandalarga qarshi kurash choralarini qachon va qaysi paytda olib borish kerak? Ushbu yo‘nalishlarni gaplashib olish uchun “Bekobod o‘rmon xo‘jaligi”da o‘quv-amaliy seminar tashkil qildik, - deydi O‘rmon agentligi bosh mutaxassisi Davronbek Ravshanov.
Tadbir davomida o‘rmon hududlarida sodir bo‘ladigan yong‘inlarni bartaraf etish, hududlarda mavjud daraxt va butalarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, tezkor axborot almashinuvi va boshqaruvni tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘rgazma tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar respublikada iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yumshatish, cho‘llanishning oldini olish, daraxtlarning kasallik va zararkunandalariga qarshi samarali kurashish hamda o‘rmonlarda yong‘inlar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5f1yPtoO0p8" title="O‘rmonlar doimiy e’tibor va himoyaga muhtoj" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA