O‘quvchini baholashda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Ko‘pchilik boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining ishini nisbatan oson deb o‘ylaydi. Bu “oson”ni bolalarning yoshi kichikligi, o‘qituvchiga gap qaytarmay, tez aytanini qilishi bilan asoslashadi.
Bu yilgi karantin sharoitida farzandlari bilan har kuni dars qilishga majbur bo‘lgan ota-onalar biz boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yengil emasligini ko‘p bora ta’kidlashdi.
Har bir yumushning murakkabligi, o‘ziga yarasha mas’uliyati, sharafi bo‘ladi. Ko‘p yillardan buyon Zangiota tumanidagi 13-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlayman. Aslida biz tanlagan yo‘lni, ishini yengil deb bo‘lmaydi. Tajribamdan kelib chiqib, birgina o‘quvchilarni baholash bilan bog‘liq holatda yuzaga keladigan muammolar haqida gapirmoqchiman.
Ba’zi hamkasblarimiz o‘quvchilarni ko‘proq erkalatib, bahosini ba’zi o‘rinlarda oshirib qo‘yadi. Bu usul o‘quvchiga rag‘bat beradi, lekin uni huda-behuda rag‘batlantiraverish teskari ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘p hollarda o‘quvchiga o‘rinli pastroq baho qo‘yilsa, ularning ota-onalari e’tiroz bildiradi. Bu ham noto‘g‘ri.
Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarni bilimiga yarasha baho olishga ko‘niktirib borish ham oson kechmaydi. Ba’zi a’lochilar bilmasdan xato qilib qo‘ysa, unga past baho qo‘ysangiz tushkunlikka tushadi. Oqibatda o‘zlashtirishida muammolar yuzaga keladi. Shuning uchun baholashda “oltin o‘rtalik”ni topish, bola psixologiyasini bilish juda muhim.
O‘qituvchi bolani baholash bilan ruhlantirib, harakatchanligini oshirar ekan o‘ta sinchikov bo‘lishi lozim. Bu o‘rinda bola o‘zlashtirishni ikkinchi darajaga qo‘yib, baho olishni birinchiga chiqarib qo‘ymasligi kerak. Bola shu kayfiyatda – o‘rinsiz a’lo baho olishga ko‘nikib yuqori sinfga o‘tsa, ta’limning keyingi bosqichlarida qiynaladi.
Mehnat faoliyatimda yana bir jihatga ko‘p e’tibor qilaman. Masala shundaki, ko‘p ota-onalar boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan farzandi bilan birga dars qiladi. Bu juda yaxshi. Farzandining o‘zlashtirishi bilan qiziqib, o‘qituvchi bilan ham tez-tez suhbatlashib turadi. Lekin bola beshinchi – yuqori sinfga o‘tishi bilan ota-ona birga dars qilishni to‘xtatadi. Bu yaxshi emas. Bunday tez “uzoqlashish” bolaning o‘zlashtirishiga ta’sir qilmay qo‘ymaydi.
Yangi o‘qituvchilar, yangi fanlar, yangi pedagogik usullar yuqori sinfga o‘tgan o‘quvchini biroz sarosimaga solib turgan bunday paytda ularni yolg‘izlantirib qo‘ymaslik kerak.
O‘z-o‘zidan ko‘rinadiki, ta’lim jarayoni fidoyilikni, o‘zaro hamkorlikda ish tutishni talab qiladi.
Abdullayeva Gulbahor,
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi