O‘quvchilar MIB faoliyati bilan tanishdi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Andijon yuridik texnikumi o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.
Yuridik texnikumda tahsil olayotgan yoshlarni kasbga qiziqtirish, ularga majburiy ijro byurosi faoliyati, kasb etikasi xususida keng ma’lumot berish, qolaversa, bilim, malaka va tajribalarini yanada boyitish maqsadida tashkil etilgan tadbir o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Dastlab o‘quvchi yoshlar bilan boshqarma majlislar zalida davra suhbati o‘tkazildi. Unda boshqarma kadrlar sho‘’basi katta inspektori Boburjon Qosimov Majburiy ijro byurosi faoliyati, xizmatga qabul qilish talablari bo‘yicha ma’lumot berdi. O‘quvchilar esa sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari boshqarmaning tumanlararo bo‘limi, surishtiruv va ma’muriy amaliyot, axborot ta’minoti va qidiruv hamda murojaatlar bilan ishlash sho‘’balari faoliyati bilan tanishdi. O‘quvchi yoshlar ijro hujjatlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan ayrim hujjatlar namunalarini ham ko‘zdan kechirdi.
[gallery-3035]
Murojaatlar bilan ishlash sho‘’basi tomonidan zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda kelayotgan ariza va shikoyatlarni qabul qilish jarayonlari o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
– Tashkil etilgan tadbir juda qiziqarli bo‘ldi, – deydi Andijon yuridik texnikumi davlat xizmatlari yo‘nalishi o‘quvchisi Diyorbek Rustamov. – MIB faoliyati haqida keng tushunchaga ega bo‘ldik, amaliy jarayonlarga oid ma’lumotlar orqali olgan bilimlarimiz yanada mustahkamlandi. Sohaga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi. Kelgusida oliy ma’lumot olib, shu tizimda ishlashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
Mazkur tadbir orqali o‘quvchi yoshlar byuro organlari faoliyati xususida keng ma’lumot va tasavvurga ega bo‘ldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA