“Oqtom” obod va ko‘rkam mahallaga aylanadi
Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, “Obod xonadon”,”Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish to‘g‘risidagi davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvoldagi, jami 71 ta mahalla fuqarolar yig‘inida obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari jadal tarzdi olib borilmoqda.
Forish tumani 3-sektor hududidagi “Oqtom”mahalla fuqarolar yig‘inida Prezidentimiz topshiriqlari asosida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida u yerda bo‘ldik.
Bizga tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari, podpolkovnik Qahramon Nazarov hamrohlik qildi.
“Oqtom”da kechagina qishda loy, yozda chang-tuproq ko‘chalarga bugun shag‘al yotqizilayotgani, nurab, qiyshayib qolgan loy chordevorlar buzilib, zamonaviy g‘ishtlardan devoru binolar rostlayotganiga, aholi tomorqalari haydalib, daraxtlar butalangani va taglari oqlanganiga, qabristonu ko‘chalar tozalanib obod qilinayotganiga guvoh bo‘ldik.
[gallery-21828]
Qishloq oqsoqollarining aytishicha, bu hududda sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, o‘tgan asrning 1985 yiliga qadar qariyb 1 ming gektarga yaqin yerda vinochilikka ixtisoslashgan uzumchilik xo‘jaligi bo‘lib, unda 500 nafarga yaqin shu qishloq fuqarolari o‘z mehnatlari evaziga bola-chaqasini boqqan, ro‘zg‘or tebratgan ekan. O‘sha yilning 1 iyunida spirtli ichimliklarga qo‘yilgan taqiqdan so‘ng, Moskvaning buyrug‘i bilan ana shu uzimzorlar butunlay yo‘q qilib tashlangan. Buning natijasida qishloqning 80 foiz ishga yaroqli aholisi ishsiz bo‘lib qolgan.
Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev va u kishining o‘rinbosarlari, tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va boshqa mutasaddi tuman rahbarlariga ko‘cha va xonadonlar, ishlar taqsimlanib, barchalari o‘zlariga biriktirilgan mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, aholini kambag‘allikdan va mahallani og‘ir hudud toifasidan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bosh-qosh bo‘lib, ishlarni nazorat qilib borayotgani e’tiborimizni tortdi.
– Mahallamizdagi 583 xonadonning 685 oilasida 3500 nafar aholi istiqomat qiladi. Hozir 85 nafar ishsiz, 95 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lib, bularning ishga yaroqlilari va nogironlarini imkoniyatiga qarab ish bilan ta’minlash, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rayapmiz, – deydi “Oqtom” MFY hokim yordamchisi Ja’far Jalilov. – “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” dasturi ijrosi doirasida mahallada oilaviy tabdirkorlikni yo‘lga qo‘yish, tomorqadan samarali foydalanish, mahalladagi oilalar daromadini oshirish maqsadida – bank imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 100 xonadonga 1 sotixdan, shuningdek, mahalla etagidagi 40 – 50 yillardan buyon umuman suv chiqmaydigan, bo‘sh yotgan zovurga 3 sotixdan 25 ta issiqxona qurib berishni rejalashtirganmiz. Bu boradagi ishlar jadal suratlar bilan olib borilmoqda. Shuningdek, 100 oilaga parrandachilik, 30 oilaga bo‘rdoqichilik bilan shug‘ullanishi uchun ham uzoq muddatga imtiyozli bank kredit mablag‘lari ajratish ko‘zda tutilgan.
Tuman hokimining tashabbusi bilan vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar gulchilik va ko‘chatchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Sharof Rashidov tumanida gulchilik va ko‘chatchilik bilan tanilgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor Sharofat Noriyevaning o‘quv markazida o‘qib keldi. Endi 20 nafar oqtomlik xotin-qiz aynan shu kasb bilan shug‘ullanishni boshlamoqda. Barcha loyihalarimiz ijrosi ta’minlangach, qariyib 700 nafar mahallamiz aholisining bandligi ta’minlanadi.
Darvoqe, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi tomorqalariga ekish uchun 30 ming tup olcha daraxtiga buyurtma berilibdi. Bahorgi ekishga mahalladagi har bir xonadon tomorqalari tayyorlab qo‘yilganiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Mahallada istiqomat qiluvchi eng keksa kishilar ham qishloqqa oqova suv kelganini eslolmas ekan. Shu sababdan hududdagi har bir xonadonda tomorqani sug‘orish uchun quduq qazib, suv chiqarilgan. Erta bahor boshlanishi bilan ekin-tikin ishlari boshlab yuborilar ekan.
– Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan yo‘llar sifatini yaxshilash, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida Oqtom mahallasidagi 10 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al to‘kish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning yanvar oyidan buyon ichki imkoniyatlarimizni to‘liq ishga solgan holda hashar yo‘li bilan tuman obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari va mahalla fuqarolari tomonidan 7,9 kilometr yo‘llarda kengaytirish, qum-shag‘al to‘kib tekislash ishlari amalga oshirildi, – deydi Forish tuman hokimining o‘rinbosari Farrux Amirov. – 1,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 800 metriga qum-shag‘al yotqizilib, sement qilindi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish, internet aloqasini yaxshilash maqsadida rejadagi 50 dona temir-beton tayanch ustuni o‘rniga 87 dona o‘rnatildi. Ayni paytda SIP kabellarni tortish ishlari olib borilmoqda. 5 dona mavjud transformator qayta ta’mirlandi. Rejalashtirilgan 4 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘ining 2 kilometri rekonstruksiya qilindi. Ehtiyojmand xonadonlarning 20 tasiga qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida mahalla aholisiga 580 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi.
Bulardan tashqari, mahalladagi 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta qishloq oilaviy shifokorlik punktida ham ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilganini ham shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joiz.
Tumanga kirish aynan Oqtom mahallasidan boshlanadi. Tuman mutasaddilarining ta’kidlashicha, ana shu kirish darvozasining Forish tarixi bilan uyg‘unlashgan holda zamonaviy tipdagi loyihasi ishlab chiqilayotgan ekan. Tumanning o‘ziga xos tomonini aks ettirib turuvchi ushbu darvoza ham butunlay yangicha qiyofa kashf etar ekan.
Obodonlashtirish ishlaridan tashqari, mahalla aholisi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etilib, unda terapevt, travmatolog, okulist, kardiolog, akusher ginekolog va boshqa malakali mutaxassislar mahalla fuqarolari salomatligini ko‘zdan kechirib, tibbiy ko‘rik davomida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha bemorlarga ambulator va statsionar tartibda davolanishlari uchun yo‘llanmalar berilibdi.
Malakali mutaxassislar tomonidan jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish mavzusida ham targ‘ibot ishlari olib borilibdi.
– Jizzaxlik taniqli san’atkorlar, iqtidorli mahalliy ijrochi yoshlar tomonidan mahallamiz aholisi uchun katta konsert dasturi namoyish etildi, – deydi “Oqtom” MFY raisi Azamat Jumanazarov. – Xudo xohlasa, 21 mart Navro‘z bayramiga mahallamizning tantanali ochilish marosimi bo‘ladi. Respublika poytaxtidan eng mashhur san’atkorlar kelishadi. Mahalla bayramiga sizlarni ham taklif qilamiz. Ana o‘shanda “Oqtom” Yangi O‘zbekistonning eng go‘zal va obod mahallaridan biriga aylanganiga o‘zlaringiz guvoh bo‘lasizlar.
Muxtasar qilib aytganda, Forish tumani “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”,“Obod mahalla” mezonlari asosidagi obodonlashtirish ishlari izchillik bilan davom etmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/r5P18bqSy34?si=I-Ev62U7dqv__ZTL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat),
O‘zA muxbirlari