“Oqtepa”ga muzey kerak!
Bundan bir necha yillar muqaddam Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining olis tog‘ qishloqlaridan “Ma’rifat” gazetasi uchun maxsus sahifa tayyorlab kelgan edim. Ushbu maqolada Qo‘shrabod tumanidagi 12-umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Abdujabbor Mamanovning maktabda tarixiy muzey barpo etish haqidagi jo‘yali va jiddiy fikrlari ilgari surilgan edi. Ammo, bu fikrlar gazetada yozilsada jiddiy natija bo‘lmadi.
Abdujabbor aka O‘zMUning tarix fakultetini tugallagach, 40 yilga yaqin maktabda tarix fanidan dars bergan tinib-tinchimas muallim. U “Qo‘shrabot tarixi”, “Oqtepa tarixi”, “Dars o‘tishning 40 usuli”, “Zamonaviy ta’lim qanday bo‘lishi kerak?” nomli kitoblar va bir qator tarixiy mavzudagi maqolalar muallifi hamdir. Universitetni tugallagach akademik, A.Remeyev boshchiligida “O‘lkashunoslik materiallarini o‘rganish” mavzusida ilmiy ish boshlagan va bu ish turli sabablarga ko‘ra chala qolib ketgan. Abdujabbor Mamanov bir necha yillardan buyon Oqtepa qishlog‘i atroflarida qadimiy topilmalarni to‘plab, muzey holiga keltirish tashvishida qayg‘uradi.
Endigi umid hokimdan
“Muzey bilan bog‘liq harakatlarim viloyat, tuman jamoatchiligiga yaxshi tanish” – deydi Abdujabbor aka. Matbuotda ko‘p yozildi, ammo natija yo‘q. Vaholanki, bu muzey tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida hokim bo‘lgan davrda qo‘llab quvvatlanib, moliyaviy ko‘mak ham berilgan edi. Ammo, bu mablag‘ muzey qurilishiga emas, o‘sha paytdagi ahvoli haminqadar maktabimizni ta’mirlashga ishlatildi. Hozirda maktab ta’mirdan chiqarildi. Eksponatlar maktab ichida. Ammo, muzey qurishga mablag‘ yo‘q. Yashirib nima qilaman, butun dunyoda arxeologik topilmalar juda qimmat turadi. Hozirda maktab binosida saqlanayotgan ashyolarni juda katta narxda sotib olishga so‘rab ham kelishdi. Ammo, men ularni sotmayman. Hech qachon. Ularda jonajon yurtimizning tarixi namoyon. Men uni farzandlarimizga ko‘rsatishim, ularda jonli tasavvur paydo bo‘lishi uchun foydalanaman.
Oqtepa qishlog‘idan uzoq X asrdan oldingi neolit davri yodgorliklari topilgan. Hozir muzeyda 1000 dan ortiq topilmalar bor. 10 ming yil ilgarigi mozorqo‘rg‘onlar, mis davriga oid (eneolit) topilmalar mavjud. Qazilmalarning birida bo‘yni bilan yonbosh tomonga qaragan tarzda dafn qilingan manglayqosh, ya’ni zebigardon, oyog‘ida munchoq, 6 ta bilakuzuk bilan ko‘milgan odam qabri topildi. Ular ham uzoq tarix bronza davri yodgorliklaridir. Muzey bilan bog‘liq masala ko‘p ko‘tarildi. Ammo, natija yo‘q.
Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov xalq ta’limi xodimlari faoliyatiga katta e’tibor bilan qaraydigan rahbar. Istagimiz maktabimizdan maxsus muzey uchun bino va uni barpo etishda shaxsan o‘zlari yordam bersa, ko‘p yillik oddiy qishloq muallimi sifatida nihoyatda xursand bo‘lar edim. Qolaversa tashkil etilajak bu muzey xalqimizning, jonajon Qo‘shrabotimizning uzoq tarixidan jonli hikoya qiluvchi ulug‘ ma’naviyat maskani ham bo‘lar edi.”
Darhaqiqat, insoniyat Uchinchi renessansga qadam qo‘ymoqda. Ammo, tarixni bilmasdan kelajakka qadam qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday ekan olis tog‘ qishloqlarida ma’naviyat, ma’rifatga qalb hissi bilan yondashayotgan Abjujabbor Mamanov kabi qishloq muallimlari tashabbusini har qancha qo‘llab-quvvatlasak arziydi. Zero, ustoz murabbiylarning har bir ezgu ishida kelajak avlod barkamolligi tashvishi turibdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “bugungi kunda O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratayapmiz. Bunda bizning eng yaqin ko‘makchilarimiz ustoz va murabbiylar, ilmiy va ijodkor ziyolilardir”.
O‘ljaboy QARSHIEV,
jurnalist