Oqqon – sirli kasallik
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda gematologiya va qon quyish sohasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda gematologiya va qon quyish sohasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi.
Xususan, Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti negizida Molekulyar tibbiyot va hujayra texnologiyalari boʻlimi yaratilib, boʻlim qoshida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan qon oʻzak hujayralari bilan davolovchi markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi vaqtda markazda leykoz – oq qon kasalliklarining yuqori texnologik diagnostika usullari (molekulyar genetik, sitogenetik, immunofenotipik) qoʻllanilmokda. Institut mutaxassislari tomonidan qon oʻrnini bosuvchi “Suksinasol”, “Yantaroprotein”, “Biogemodez”, “Eritroamin” dori vositalari yaratilgan. 2016-yilda institut huzurida 80 oʻringa moʻljallangan zamonaviy onkogematologiya binosi qurildi. Natijada bemorlarga aniq tashxis qoʻyilib, davolash samaradorligi oshirildi.
Shunga qaramay respublikada oxirgi uch yilda gematologik kasalliklarning 10 foizga oshganligi qayd qilinmoqda. Institut klinikasida davolanib chiqqanlarning 62 foizini leykoz – oq qon kasalligi, 38 foizini qon tizimi kasalliklarining ogʻir turlari bilan ogʻrigan bemorlar – 28 foizini bolalar, 72 foizini kattalar tashkil etadi. Gematologik bemorlarning barchasi nogiron hisoblanib, ijtimoiy muhofaza guruhiga kiritilishi zarur.
Aksariyat hollarda bemorlar institut klinikasiga ogʻir ahvolda, shoshilinch koʻrsatmalar bilan murojaat qilmoqda. Kattalar viloyat gematologiyasi boʻlimlarida qabul order asosida va davolash pullik boʻlganligi, viloyat shifoxonalarida maxsus oʻsma dori vositalarining tanqisligi, tashxisning yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli bemorlar institut klinikasiga murojaat qilishadi. Bu esa institut klinikasida asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha reja-topshiriqlar oshirib bajarilishiga olib kelmoqda. Viloyat va tumanlarda gematolog mutaxassislar yetishmasligi bois, bemorlar oʻz poliklinikalariga va koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari qoshidagi poliklinikalarga murojaat etmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri institutga yoʻnaltirilmoqda. Ushbu davr ichida konsultativ poliklinikalarga 30 ming 704 nafar kichik yoshdagi, 37 ming 448 nafar katta yoshdagi bemor murojaat qilgani va yuqoridagi faktlar sohada bir qator muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 10-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori gematologiya instituti uchun juda katta yutuqlardan biri boʻldi. Chunki bu qaror bilan avvalambor onkogematologiya va davolash qiyin boʻlgan qon kasalligini tashxislash uchun asbob-uskunalar va kerakli reagentlar bilan taʼminlash 7,5 barobarga koʻtariladi. Viloyat tibbiyot muassasalarida ham laboratoriyalar kerakli asbob-uskunalar va reagentlar bilan taʼminlanadi. Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot maskanlarida alohida bolalar va kattalar uchun 20-30 oʻrinli gematologiya boʻlimlari tashkil qilinadi. Sogʻliqni saqlashning birlamchi tizimi, viloyat muassasalari uchun gematolog mutaxassislar qisqa muddatli malaka oshirish, klinik ordinatura yoki magistraturada oʻqitish orqali tayyorlanadi. Bu esa bemorlarga erta tashxis qoʻyish, davoni oʻz vaqtida boshlashga olib keladi.
Qarorda oq qon, aplastik anemiya, gemofiliya, talassemiya va boshqa ogʻir qon kasalliklarini davolash uchun dori vositalariga boʻlgan mablagʻni 6 barobarga oshirish taʼkidlangan. Bemorlarni davolashda yetishmaydigan dori vositalari taʼminoti kasallikning tuzalish jarayonini koʻpaytiradi, yashash sifatini yaxshilaydi va nogironlikni kamaytiradi. Markaz klinikasida miyeloma va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini oʻtkazish kasallik yengil oʻtishiga, yashashning choʻzilishiga olib keladi.
Gematologiya va transfuziologiya yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislarning xorijiy klinikalarda malakasini oshirish, chet eldan yuqori malakali mutaxassislarni taklif etish ham soha rivojiga katta yordam beradi. Shuningdek, transfuziologiya (qon bilan ishlash) xizmati moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qon komponentlari va preparatlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda xavfsizligini taʼminlash, aholi oʻrtasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish bemorlarni qon va qon preparatlari bilan taʼminlash imkoniyatini kengaytiradi.
Prezidentimizning mazkur yangi qarori Oʻzbekiston gematologlari uchun quvonchli hodisa, soha uchun ulkan yutuqdir.
Aziza MAHMUDOVA,
Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori.