“O‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan faxrlanaman” (+video)
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Bugun o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, kasbiga sadoqat bilan yondashayotgan o‘qituvchilar zamoni keldi, desak adashmaymiz. Zero, intiluvchan pedagoglar uchun barcha imkoniyat yaratilayotgani, ortiqcha buyruqbozlik va qog‘ozbozlikdan voz kechilgani, ta’limga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi 49-umumta’lim maktabi ingliz tili fani o‘qituvchisi Nosirjon Davlatovni tumanda ko‘pchilik taniydi. Oliy toifali o‘qituvchi yigirma yildan buyon mazkur maktabda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib keladi. O‘quvchilarni xorijiy tilni o‘rganishga qiziqtirishda, ilm-fan sirlaridan voqif qilishda o‘ziga xos maktab yarata olgan pedagogning qalbida bir olam orzular mujassam. Har yili o‘nlab shogirdlari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘layotganini faxrlanib so‘zlaydi.

– O‘qituvchi uchun shogirdining yutug‘idan o‘tadigan mukofot yo‘q. O‘zim ham universitetga qabul qilinganimda ustozim – Musajon Oxunovning huzuriga chopganman, talaba bo‘lganimni suyunchilab, duosini olganman, – deydi Nosirjon Davlatov. – To‘g‘risini aytish kerak, bir vaqtlar dalama-dala yurib paxta terganmiz, yoppasiga obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinganmiz. Buyruqbozlik, qog‘ozbozlik avjiga chiqqan edi. Dars sifati, o‘quvchi bilimi bir yoqda qolib ketardi. Bugun sohaga e’tibor butunlay o‘zgardi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan, mas’ullardan minnatdormiz.
Aytish kerak, pedagoglarning nafaqat jamiyatdagi obro‘si, balki mehnatiga to‘lanayotgan haq miqdori ham yil sayin ortib bormoqda. Faqat astoydil izlanish, mehnat va salohiyat bo‘lsa, kifoya.
– Prezidentimiz va hukumatimiz qarorlariga asosan ta’lim xodimlari uchun qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Bulardan oqilona foydalangan o‘qituvchilar safi kengayib boryapti. O‘zimni misol qilib olsak, bir necha milliy sertifikatlar va TESOL xalqaro sertifikatiga egaman, buning uchun oylik maoshimga qo‘shimcha haq beriladi. Bundan tashqari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi jamg‘armasidan ustama ham olaman, – deydi u. – Xullas, bugungi kun o‘qituvchisi faqat bilim berishni, o‘quvchilarga sifatli dars o‘tishni o‘ylashi uchun shart-sharoit yaratilgan. Maktablar ham zamonaviy texnikalar, kompyuterlar bilan to‘liq ta’minlanyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kTdTwW4ePIM" title="“Ўқитувчилик касбини танлаганимдан фахрланаман”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Qaysi yurtda bilimga, ilm-fanga e’tibor yuksak bo‘lsa, o‘sha mamlakat har jihatdan boyib borishi, dunyoda o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lishi ayni haqiqat. Farzandlarining yetuk inson bo‘lib kamol topishi, ilm-ma’rifatli bo‘lishini yurakdan istagan xalq esa o‘qituvchi-murabbiylarni boshiga ko‘taraveradi, ehtirom va e’tibor ko‘rsataveradi.
Suhbatimiz yakunida “O‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan faxrlanaman”, deya ko‘zlari chaqnab turgan o‘quvchilari tomon oshiqqan qahramonimiz timsolida yurtimizning porloq kelajagini ko‘rgandek bo‘ldik...
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri.